Toshkentdagi issiqxonalardan birida avtomobil shinalari yoqilgani aniqlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi korxonalardan atmosferaga zaharli gazlar chiqarilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Ekologiya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Bektemir tumani inspektorlari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish natijasida tumandagi “Bekuz kelajak” issiqxonasining filtrlovchi moslamalari nosoz ekani, shuningdek, olov yoqishda avtomobil shinalaridan foydalanilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan issiqxona mas’ul xodimidan tushuntirish xati olinib, qozonxonani ta’mirlash, maxsus chang-gaz ushlab qoluvchi filtrlarni yangilash hamda avtotransport shinalarini yoqmaslik to‘g‘risida ogohlantirildi.
Hozirda tabiatga yetkazilgan zararni hisoblash uchun issiqxonaga ekolaboratoriya xodimlari jalb qilingan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA