Toshkent shahridagi 81 - sonli maktabda "Eco-schools Uzbekistan" loyihasi doirasida Ekologik ta’lim fondi (FEE) 7 qadam dasturining oliy mukofoti – Yashil bayroqni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofotga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Toshkent shahridagi 81 - sonli maktab munosib topildi.

Taqdirlash marosimida “Zamin” fondi, Yevropa Ittifoqi, BMT va uning tarkibiy tuzilmalarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari sayyoramizni asrash uchun barcha bir bo‘lib harakat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Maktab hududida loyihada ishtirok etayotgan maktablar tomonidan eko - ta’lim festivali ham tashkil etildi.
Ishtirokchilar chiqindilarni saralash, energiyani tejash va suvdan oqilona foydalanishga mo‘ljallangan uskunalar yaratilishi jarayonlarini kuzatdi. Bolalar o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan tuproqni boyituvchi va sug‘orishda suvni iqtisod qiluvchi vositalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
M.Qosimova, O‘zA