Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentdagi 242-maktab jamoasi “Energiya tejamkorligi bo‘yicha eng yaxshi maktab” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi
19:34 / 2023-10-19

Toshkentda “Binolarning energiya auditi: nazariyadan amaliyotga” mavzusida seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Yevropa Ittifoqining  mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirni mahalliy va xorijlik vakillar ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Muzaffar Hakimovning ta’kidlashicha,  ushbu tadbir Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda barqaror energiya bog‘liqligi” (SECCA) loyihasi doirasida hamkorlikda tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad Yevropa mamlakatlarining bino va inshootlarda energiya auditi o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalari, qonunchilik asoslari va tegishli amaliy tadqiqotlari bo‘yicha tajriba almashishdir.                                                                        

– Shu sababli, ushbu tadbir natijasida  ko‘rsatkichlarni jahon standartlariga yaqinlashtirish  masalasi ko‘rib chiqiladi. Albatta, energiya auditi o‘tkazilgandan keyin uning xulosalariga asosan har bir yo‘nalishlarimizda tadbirlar belgilanadi. Ekspertlarning xulosalariga tayanadigan bo‘lsak, ko‘proq issiqlik izolyatsiyasi masalasini ko‘rib chiqish ham talab etiladi.  Shu bois, tadbirga ko‘plab tashkilotlarni taklif etdik. Xorijiy ekspertlar energiya audit tizimini joriy qilish taklifini bermoqda. Bino va inshootlar energiya audit tizimi O‘zbekistonda ilk marotaba joriy qilinmoqda. Yaqin  kunlarda Vazirlar Mahkamasining bu borada tegishli qarori qabul qilinadi. Shu qaror bilan birga,  qonunosti va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishimiz  kerak bo‘ladi, – dedi M. Hakimov.  

[gallery-14101]

Texnik seminarda xalqaro ekspertlar tomonidan bino va inshootlarda energiya samaradorligini oshirish texnologiyalari, “yashil energetika”ni kengroq targ‘ib qilish, yosh avlodni energiya tejamkorligi ruhida tarbiyalash yuzasidan ko‘plab metodik qo‘llanmalar hamda amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda respublikada bino va inshootlarda energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishga kelishib olindi.      

Seminar doirasida respublikamizda ilk marotaba tashkil etilgan “Energiya tejamkorligi bo‘yicha eng yaxshi maktab” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 242-maktab jamoasini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktab jamoasi keyingi navbatda Yevropa davlatlariga tajriba almashish uchun loyiha doirasida tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etadi.  

– Toshkent shahridagi 330 maktab orasida bizning maktab “Energiya tejamkorligi bo‘yicha eng yaxshi maktab” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lganidan behad xursandman, – dedi Olmazor tumanidagi 242-umumta’lim maktabi direktori  Kamola Azimxo‘jayeva. – Chunki biz buni kutmagan edik.  Maktabimizda 3,500 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. O‘quvchilarimizga elektr energiyasini tejash bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib boriladi. Bu jamoamiz an’anasiga aylanib ulgurgan va ushbu manbani tejab ishlatish maqsadida navbatchilik ham tashkil qilingan. Bugun esa mehnatimiz samarasini ko‘rib turibmiz.  

 

 Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA