Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda yoshlar tashabbuslariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
17:59 / 2025-05-21

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan talabalar, professor-o‘qituvchilar, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, yoshlarga oid masalalarni o‘rganayotgan tahlilchi mutaxassislar ishtirok etdi.

“Bugungi anjuman yoshlarning ijtimoiy innovatsiyalar, texnologiya, ta’lim, tadbirkorlik, ruhiy salomatlik, ekologiya va axborot maydonidagi faolligini chuqur tahlil qilish, dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimiga doir ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish uchun muhim platformadir, – dedi Ta’limni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova. – Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassislar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar o‘rtasida xalqaro va mahalliy tajribalarni o‘rganish va kelajakda yetuk kadrlar tayyorlashga yordam beradigan yangi yondashuvlarni muhokama qilishdir. Ishonamanki, bugungi muhokamalar yangi g‘oyalar, hamkorlik aloqalari va kelajak uchun strategik rejalarni shakllantirish uchun ulkan imkoniyatdir. Har bir taklifingiz va tashabbusingiz barqaror rivojlanish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi”.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etishga undovchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar siyosatini tizimli amalga oshirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

“Respublikamizda 1,5 million talaba tahsil olmoqda. Bundan 10 yil oldingi ko‘rsatkich 25 ming nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari soni 3 baravarga oshdi.

Bu raqamlar shunchaki ko‘rsatkich emas, balki jamiyatimizda liderlar soni oshib borayotganini ham anglatadi. Bugungi konferensiya shunchaki muhokamalar emas, balki yoshlar siyosatini takomillashtirishda amaliy yechimlarni taklif etish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bu kabi muhokamalar kelajakda jamiyatimizga yangi olimlarning shakllanishiga ko‘maklashadi”, – dedi Dilnozaxon Kattaxanova.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova yoshlarning innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanish va tadqiqotlarga keng jalb etish barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biri ekanini qayd etdi.

"Barqaror taraqqiyot ko‘pchiligimiz o‘ylaganimiz kabi faqatgina iqtisodiy o‘sish emas, bu borada yoshlarning ilmiy va innovatsion salohiyatining o‘sib borishi ham muhim ahamiyatga ega.

Ham xalqaro, ham mahalliy tajribalarni ko‘rgan mutaxassis sifatida ayta olamanki, O‘zbekiston yoshlari xalqaro miqyosda hech bir davlat vakillaridan qolishmaydi.

Ishonchim komilki, bugungi konferensiyada ko‘tarilgan masalalar mamlakatimizda yoshlar siyosatini qo‘llab-quvvatlashda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi", – dedi Shahlo Turdiqulova.

Konferensiyada yoshlarga oid siyosatni shakllantirishda ilmiy asosga tayanish zarurligi, ilmiy izlanishlar va startaplar orqali barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish, shuningdek, yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini kuchaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir doirasida 400 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar taqdim etildi. Ushbu materiallar alohida to‘plam holida nashr qilinib, ta’lim va yoshlar siyosati sohasida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilar hamda mutaxassislar uchun muhim metodik manba sifatida xizmat qiladi.

Umidjon Qurbonov, O‘zA