English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining yangi ofisi ochildi
20:52 / 2022-10-28

28 oktyabr kuni Toshkentda YeI delegatsiyasining O‘zbekistondagi ofisi ochilishi marosimida ishtirok etgan Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel davlatimiz rahbari bilan samarali va konstruktiv muzokara bo‘lib o‘tganini ta’kidladi.

Xususan, davlatimiz rahbarining siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatini yuksak baholadi. Uning ta’biricha, O‘zbekiston rahbarining islohotlarni davom ettirish yo‘lidagi qat’iy siyosiy irodasi alohida e’tiborga loyiq. Iqtisodiyotni rivojlantirish, inson huquqlariga rioya qilish va demokratiyani chuqurlashtirish sohalarida katta natijalarga erishilgan.

– Biz inson huquqlari masalasini muhokama qildik, O‘zbekiston Prezidenti qonun ustuvorligini mustahkamlashga doir sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi, – dedi Sh.Mishel.

Prezidentimizning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini alohida ta’kidlarkan, “O‘zbekiston mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish borasidagi ko‘plab tashabbus va g‘oyalar muallifidir”, deya qo‘shimcha qildi u.

[gallery-9331]

Yevropa kengashi rahbari Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati tufayli O‘zbekiston yangi qiyofaga ega bo‘lgani, YeIning mintaqadagi eng jozibali va asosiy sherigiga aylanganini ta’kidladi. Munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, tez orada keng ko‘lamli sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishib olindi.

O‘zbekistonda noyabr oyida yana bir muhim anjuman – o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha “Barqaror taraqqiyot uchun “Global darvoza” konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu mintaqalararo hamkorlikning joriy holatini muhokama qilish, umumiy manfaatli barcha masalalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.

Yevropa kengashi Prezidenti ta’kidlashicha, muloqot davomida Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish va Ukrainadagi nizoning salbiy ta’siri to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Sh.Mishel Toshkentdagi YeI delegatsiyasi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.

Shu kuni Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy obidalari bilan tanishdi. Jumladan, Shohi Zinda yodgorligi, Amir Temur maqbarasi va Registon maydonini tomosha qildi. Yaqinda ochilgan "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro turistik markazidagi "Boqiy shahar" majmuasida bo‘ldi.

Shu bilan Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning mamlakatimizga tashrifi yakunlandi.

O‘zA