Sport – sog‘lom turmush kafolati!
Bugun poytaxtimizda “Samarkand Marathon” Bolalar akademiyasi huzurida yangi sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda raqamli to‘lovlar sanoati jahonshumul yetakchisi Visa kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan qo‘shma loyiha yosh avlodning sport bilan shug‘ullanishi, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga xizmat qiladi, deyish mumkin.
O‘tgan yil Visa kompaniyasi “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumi bosh hamkoriga aylanib, ushbu maxsus loyihaga qo‘l urdi. Musobaqa rasmiy saytida Visa kartalarida to‘langan xayriya mablag‘lari sport maydonchasi bunyod etishga sabab bo‘lmoqda.
[gallery-12854]
Yangi sport ob’ektining tantanali ochilishida farzandlarimiz sport, salomatlik va muloqotni qadrlashni o‘rganishi qayd etildi.
– Kompaniya vakillariga ushbu xayriya loyihasini qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman, – dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova. – Birgalikda nihoyatda ezgu amalni bajaryapmiz. O‘zbekiston yoshlari uchun sog‘lom va faol hayot tarzi poydevoriga sarmoya kiritish eng muhim vazifamiz, deb hisoblaymiz.
Jamg‘arma raisi, shuningdek, qadriyat va intilishlarimizga hamfikr bo‘lgan tashkilotlar ko‘magisiz ushbu natijalarga erishish ancha mushkul kechishini ta’kidladi.
Marosimda “Samarkand Marathon” Bolalar akademiyasi va Visa kompaniyasi shahrimiz bolalari va o‘smirlari o‘rtasida sog‘lom, faol turmush tarzini yaxshilashda salmoqli qadam bo‘lmish mazkur loyihani amalga oshirishga hissa qo‘shgan tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Ochilish marosimidan so‘ng haykaltaroshlik bo‘yicha mahorat darslari, O‘zbekiston sport murabbiylari yetakchiligidagi maroqli mashg‘ulotlar, musiqiy dastur ham tashkil etildi.
Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA