Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda yangi shahar ko‘chatxonalari barpo etilmoqda
14:11 / 2025-11-26

Shu kunlarda poytaxtimizda iqlim xususiyatlari va barqaror ko‘kalamzorlashtirishga mos keladigan ko‘chat yetishtirish zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, xorijlik soha mutaxassislari, ilmiy muassasalar va xususiy sarmoyadorlar ishtirokida yangi shahar ko‘chatxonalari bozor tamoyillari asosida shakllantirilmoqda.

Hozirgi bosqichda bo‘lajak tarmoq tuzilmasi yaratilgan, maqbul maydonlar aniqlangan va birlamchi texnologik yechimlar ishlab chiqilgan. 2026 yil bahorida ishga tushirishning tashkiliy jihatlari va jadvalini aniqlash davom etmoqda.

Bo‘lajak ko‘chatxonalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari shahar muhitiga moslashgan yirik hajmdagi daraxtlarni yetishtirish, chang miqdorini samarali kamaytiradigan va havo sifatini yaxshilaydigan turlarni saralashdan iborat.

Shuningdek, qurg‘oqchilik va harorat o‘zgarishlariga chidamli butalar va ko‘p yillik o‘simliklarni yetishtirish, Toshkent sharoitiga moslashtirish va agrotexnikaning ilmiy usullarini joriy etish, har bir ko‘chatning kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni yashil maydonlarning raqamli ro‘yxatiga kiritish hamda shahar va xususiy sektor o‘rtasida ko‘kalamzorlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahar xokimligi ma’lumotiga ko‘ra, tashkil etilayotgan tarmoq poytaxt ekologik strategiyasining asosiy bo‘g‘iniga aylanib, o‘simliklarni professional yetishtirish, ekish va uzoq muddatli parvarish qilishni o‘z ichiga olgan barqaror tizimni ta’minlaydi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA