Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda yana bir xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi (+video)
11:00 / 2024-07-10

Poytaxtimizda “Bandlik va ijtimoiy himoyani uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyilini mustahkamlash” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti rahbariyati, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissariati va boshqa tuzilmalari, Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakolatxonalari mas’ullari, diplomatik korpus vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

– O‘zbekiston va jahon hamjamiyati kun tartibidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan bugungi anjuman ijtimoiy adolat bilan bog‘liq faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi, – dedi Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva. – Zero, ushbu masalalar xalq farovonligini oshirish yo‘lida olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liq.

Ijtimoiy adolat o‘rnatilgan jamiyatda hayot yengillashadi, iqtisodiyot samarali ishlaydi. Yaqindagina mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bu borada inklyuziv va ko‘p tomonlama yondashuvni kuchaytirish, qaytadan global birdamlikka erishish, davlatlar, hukumatlar va xalqlarning ijtimoiy adolatga nisbatan munosabatini, masalaga inson huquqini ta’minlash nuqtai nazaridan yondashgan holda tubdan yangilashga chaqirdi.

Mamlakatimizda ayni yo‘nalishda izchil ish olib borilmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, biz barpo etayotgan ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi. Negaki, Yangi O‘zbekiston har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan adolatli jamiyat bo‘ladi.

Bugungi kunda respublikamiz odil fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida ildam odimlamoqda. “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili hayotimizning barcha jabhasida aksini topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi ish o‘rinlari yaratish, adolatli o‘tish davrida ijtimoiy himoya masalasiga o‘ziga xos yondashuvni joriy etishga qaratilgan “Global Accelerator” (global tezlatgich) dasturi amalga oshirilmoqda. Munosib ish o‘rnini ko‘paytirish va inklyuziv ijtimoiy himoyani rivojlantirish, sohani isloh qilish, bandlikni ta’minlash, malaka oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun davlat xizmati ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish kabi muhim vazifalar belgilab olingan.

XMT bosh direktori Jilber Ungbo O‘zbekiston va tuzilma o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqboli, xususan hamkorlik qamrovini kengaytirish, munosib mehnat sharoitini tizimli tatbiq etish masalalariga to‘xtaldi. Mamlakatimizning ushbu tashkilot bilan keyingi yillardagi amaliy hamkorligi natijasida mehnat munosabatlari sohasida sezilarli yutuqlarga erishilgani e’tirof etildi. Yuqori martabali mehmon yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli majburiy va bolalar mehnati butkul tugatilganini ta’kidlab, ushbu tajriba butun dunyoga o‘rnak sifatida ko‘rsatilayotganini qayd etdi. Shuningdek, XMT ekspertlari davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha sheriklikni kuchaytirish, mavjud standartni amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

– Bandlik va ijtimoiy himoya barkamollikka erishish, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishda muhim omildir, – dedi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi o‘rinbosari – Munosib mehnat masalalari bo‘yicha kichik komissiya rahbari Behzod Musayev. – Ijtimoiy adolat tushunchasi bir qarashda aniq va ravshan, shaffof ko‘rinsa-da, ko‘pincha turli ma’no-mazmun bilan izohlanadi. Asrlar davomida takomillashgan bu jarayon bugungi kunda ijtimoiy adolat – teng imkoniyatni ta’minlash, tengsizlikka barham berish, munosib mehnat tamoyilini ilgari surish yechimi hisoblanadi. Demak, ijtimoiy adolatni shaxsni barkamollikka, jamiyatni esa farovonlikka yetaklaydigan birlashtiruvchi kuch sifatida tasniflasak, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Shu jihatdan, Xalqaro mehnat tashkiloti global va milliy miqyosdagi siyosatni ishlab chiqishga izchil, yaxlit yondashuvni ilgari surishda lokomotiv – harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. 

Ijtimoiy adolat tamoyilini ilgari surish hukumat, ish beruvchi tashkilot va ishchilar vakillarining ustuvor vazifalarini belgilashda kuchlarni birlashtirishni taqozo etadi. O‘zbekiston aynan shu yo‘lni tanlagan! Zero, o‘tgan yil yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu har bir fuqaro munosib turmush kechirishini ta’minlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash borasidagi siyosiy iroda va intilishni tasdiqlaydi. Inson huquqini himoya qilish, munosib ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash “O‘zbekiston-2030” strategiyasining ham ajralmas qismidir. Jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, fuqarolar, ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar va nogironlar o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun sharoit yaratish borasida qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi keng ko‘lamli ishlar “uch asosiy ustun”ga tayanadi. Birinchidan, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga alohida e’tibor berilib, kasb-hunarga o‘qitish markazlari tarmog‘i kengaytirilmoqda. Aholi yangi ko‘nikmalarni qisqa vaqtda egallashi, mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashishi uchun maxsus o‘quv dasturlari joriy etilmoqda. Ikkinchidan, davlat o‘rta va kichik biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Uchinchidan, “yashil” ish o‘rinlari yaratish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va qishloq xo‘jaligi kabi ekologik toza tarmoqlar jadal rivojlantirilmoqda. Bu nafaqat aholi bandligini ta’minlash, balki atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga yordam beradi. Natijada so‘nggi 2 yil ichida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 10 foizdan 6,8 foizga, kambag‘allik darajasi esa 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yil so‘nggiga kelib 11 foizga tushdi. Binobarin, biz bu bilan to‘xtab qolmay, asosiy kuchimizni ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatni kuchaytirishga qaratamiz.

So‘zga chiqqan boshqa spikerlar ham so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan fuqarolar huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, ushbu illatdan jabrlangan shaxslarni har tomonlama qo‘lab-quvvatlash, majburiy mehnatning oldini olish va tegishli holatlarga to‘liq barham berishning tashkiliy, huquqiy asosini mustahkamlash, bu borada davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

Xususan, munosib mehnat standartini joriy etishga kirishildi, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni huquqiy jihatdan himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi, xalqaro reyting va indekslarda davlatimizning o‘rni yaxshilandi. Natijada jahonning mashhur brendlari O‘zbekiston bozoriga jadal kirib kela boshladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro mehnat tashkiloti – XMT ijtimoiy adolatni, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan inson va mehnat huquqini rag‘batlantiradi, ijtimoiy adolat umumbashariy va mustahkam tinchlik uchun muhim jarayon ekanligini tasdiqlaydigan ta’sis missiyasini amalga oshiradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining mazkur yagona uch tomonlama agentligi 187 a’zo davlatning hukumati, ish beruvchilari va ishchilarini birlashtirib, mehnat standartini belgilash, siyosat ishlab chiqish va barcha uchun munosib mehnatni targ‘ib qiluvchi dasturlar ishlab chiqish yo‘lida faoliyat olib boradi.

1992 yil 26 mart kuni XMTga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda tashkilotning 22 konvensiyasi va 1 ta bayonnomasini ratifikatsiya qilgan.

[gallery-18205]

2019 yil AQSH O‘zbekiston paxtasini “Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalangan holda yetishtiriladigan mahsulotlar ro‘yxati”dan chiqardi. 2020 yil mamlakatimizga nisbatan qo‘llangan 12 yillik GSP monitoringi tugatildi. 2022 yil “Cotton Campaign” xalqaro nodavlat tashkiloti respublikamizni “qora ro‘yxat”dan o‘chirdi, ya’ni paxta mahsulotiga e’lon qilingan boykot butunlay bekor qilindi. Sohadagi olamshumul voqealardan yana biri 2022 yil Xalqaro mehnat tashkilotining zamonaviy talab va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilinishidir.

Anjuman doirasida “Mehnat me’yori va huquqining bugungi kundagi holati”, “Yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun munosib mehnat ish o‘rinlarini moliyalashtirish” kabi muhim mavzularda sessiyalar o‘tkazildi. Yakunda konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AwVKGu8-CBs" title="Toshkentda yana bir xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Darhaqiqat, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘nggi yillarda mamlakatimizda mislsiz ijobiy ishlar qilindi,  dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva. – 2022 yil mamlakatimiz tarixida ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqa miqdori minimal iste’mol xarajatidan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Aholini ijtimoiy yordam tizimi bilan qamrab olish ko‘lami muntazam oshirilmoqda. Masalan, 2017 yil kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan. Hozir yiliga 2 million 200 mingdan ziyod oilaga shunday ko‘mak berilmoqda. Bu jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladi. Ajratilayotgan mablag‘ esa 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 12 trillion so‘mdan oshyapti.

Muharrama Pirmatova,

Asliddin Alijonov (surat),

Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA