Poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yoʻlida hamkorlik” mavzusida yuqori darajali uchrashuv boshlandi.
Ushbu nufuzli yig‘in Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligi hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil qilingan.
E’tiborli jihati, forumda hukumatimiz vakillari bilan birga turli mintaqalardan 30 nafarga yaqin sobiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Kun tartibida Yevrosiyo mamlakatlari strategik muloqotini ilgari surish maqsadini ko‘zlagan hamkorlikning ko‘p qirrali yo‘nalishlari qamrab olingan.
Forum ochilishida dastavval davlatimiz rahbarining anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi.
– Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi bog‘liqlik masalalari hamda bu ikki yirik mintaqaning Yevropa bilan hamkorligi istiqboli bugungi muhokamalar kun tartibining markaziy mavzusiga aylanishi muhim, deb hisoblaymiz, – deyilgan qutlov matnida. Shuningdek, murojaatda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida mintaqamiz va Yevroittifoq mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilingani alohida ta’kidlandi.
Anjuman avvalida Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz hamraisi Ismoil Serageldin, Serbiya sobiq Prezidenti Boris Tadich, BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi raisi, 2017-2018 yillarda Ekvadorning sobiq tashqi ishlar va mudofaa vaziri lavozimlarda ishlagan Mariya Fernanda Espinoza so‘zga chiqib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi intilishlariga yuqori baho berdi.
Bundan tashqari, yuqori martabali mehmonlar O‘zbekistonning IT startaplarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy texnologiyalar va elektron hukumatni rivojlantirish sohalariga ixtisoslashgan xalqaro reytinglardagi yuqori natijalarini e’tirof etdilar. Shu nuqtai nazardan, ilg‘or raqamli yechimlar va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishda kooperatsiyani kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Sun’iy intellektni joriy qilish mintaqa davlatlari uchun nafaqat barqaror o‘sish va innovatsion rivojlanish, balki global raqobatbardoshlikni oshirish imkonini ham berishi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir tafsilotlarini O‘zAda kuzatib boring.
O‘tkir Alimov,
Asliddin Alijonov (foto),
O‘zA