French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “Xavfsiz oila” tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlandi
10:22 / 2025-08-07

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning shu maqsadga qaratilgan qarori mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Qaror ijrosini samarali ta’minlash maqsadida tegishli huquq-tartibot va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida qabul qilingan qo‘shma qarorlarda poytaxt hududida yashovchi alohida toifadagi oilalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi keng qamrovli tadbirlar ko‘zda tutilgan. 

Shunday maqsadli tadbirlardan biri – Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan  “Xavfsiz oila” tadbiridir. 

Tadbirning birinchi bosqichiga joriy yil 1 mayda start berilgan. Ushbu jarayonga 15 ta nizoli oila hamda ularning 25 nafar voyaga yetmagan farzandi jalb qilinib, ular bilan keng qamrovli ma’naviy, ruhiy mashg‘ulotlar olib borildi. 

Tadbirning ikkinchi bosqichida esa 14 ta nizoli oila va ularning 20 nafar voyaga yetmagan farzandi jalb qilindi. Ota-onalar va farzandlari bilan chuqurlashtirilgan psixodiagnostik o‘rganishlar olib borilib, psixologik portretlar shakllantirildi hamda individual tarzda mashg‘ulotlar olib borildi. 

Shu bilan birga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilib, har ikki bosqich ishtirokchilarining shahar teleminorasi, Hayvonot bog‘i, IIBB Otliq otryadi, Toshkent politexnika muzeyi qoshidagi robotlar ko‘rgazmasi, Chilonzor tumanida joylashgan “Magic city”,  Olmazor tumanidagi “G‘alaba” bog‘lariga tashriflari uyushtirildi. Mazkur oilalarning yashash sharoitlarini o‘rganish natijasida ikkita  oilaning uylarini ta’mirlash va obodonlashtirish choralari ko‘rildi. 

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda oilaning o‘rni va ta’sirini inobatga olib, shahar bo‘yicha “Xavfsiz oila” tadbirlarini o‘tkazish borasida hokimiyat hamkorligida qabul qilingan qarorga asosan ijtimoiy va huquqiy yordamga muhtoj deb topilgan 1 ming 215 oila aniqlanib, boshqarma, tashkilot rahbarlari, tumanlar hokimliklariga biriktirildi. 

Bugungi kunda Toshkent shahar va tuman ichki ishlar organlarida “Xavfsiz oila” shtablari tashkil qilingan. Mutasaddi tashkilotlar mas’ullari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘z vaqtida aholi murojaatlari, oilalar muammolari bilan ishlash borasida tuzilgan telegram guruhlariga 365 nafar rahbar va xodim ulangan. 

Oilalarni jipslashtirish, to‘g‘ri hayotga yo‘llash, farzandlar baxtli kelajagini yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlar izchil davom ettiriladi.

N.Abduraimova,

O‘zA