Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi vakolatxonasini ochish rejalashtirilmoqda
14:04 / 2024-10-11

Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish har doim davlat va jamiyat hayoti uchun muhim masalalardan bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ekologik muammolar jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan hozirgi sharoitda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bryugge shahrida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Yevropa, Shimoliy va Markaziy Osiyo mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari I.Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Forum doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori G.Agilar, Ittifoqning Yevropa mintaqaviy ofisi direktori B.Erg hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori O.Avramoski bilan uchrashdi.   

Muloqot jarayonida IUCN bosh kotibi so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan xalqaro ekologik maydonda olib borilayotgan faol siyosat, yuqori darajada tashkil etilayotgan global sammitlar va yig‘ilishlarni alohida e’tirof etdi. Xususan, joriy yilning fevral oyida Samarqand shahrida tashkil etilgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasida shaxsan ishtirok etib, mamlakatning ekologik va turistik salohiyatiga yuksak baho berganini ta’kidladi.   

O‘z navbatida, IUCN’ning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda faoliyatini yanada jadallashtirish, grant loyihalar samaradorligini oshirish, loyihalar to‘plamini kengaytirish hamda Global ekologik jamg‘armasi va Yashil iqlim jamg‘armasining qo‘shimcha grant mablag‘larini jalb etish, jarayonni tezlashtirish maqsadida Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish masalasiga e’tibor qaratildi.   

Shuningdek, G.Agilar xonim 2025 yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilgan Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi (CITES) konvensiyasining 20-tomonlar konferensiyasiga taklif etildi.   

Shu bilan birga, qiymati 6,4 million AQSH dollariga teng “O‘zbekistonda qimmatbaho landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni kompleks boshqarish” grant loyihasi hamda qiymati 11 million yevroga teng “Markaziy Osiyoda landshaftlarning zoonoz kasalliklarining paydo bo‘lishiga chidamliligini oshirish” mintaqaviy loyihasi muhokama qilindi.   

Uchrashuv yakunida IUCN bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Anglashuv memorandumi hamda “O‘zbekistonda yerdan foydalanish va tanazzulga uchragan ekotizimlar va bioxilmaxillikni tiklash” loyihasini amalga oshirish uchun qiymati 1,1 million AQSH dollariga teng grant bitimi imzolandi.   

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA