French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tdi
16:01 / 2026-01-21

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) suv resurslarini boshqarish sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “BLUE” loyihasi doirasida tashkil etilgan xalqaro uchrashuv suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlarga bag‘ishlandi.

Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida o‘tkazildi.  

Asosiy mavzu Orol dengizi havzasida suv samaradorligini oshirish, sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi va aholi turmushiga ta’sirini baholash hamda iqlimga mos texnologiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish bo‘yicha zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish istiqbollarini muhokama qildi.

“Green University” rektori, professor Baxtiyor Po‘latov o‘z nutqida suv tanqisligi, yer degradatsiyasi va tuproq sho‘rlanishi kabi muammolarni hal etishda ilmiy asoslangan va iqlimga mos yondashuvlar muhimligini ta’kidladi. U SATREPS dasturi va "BLUE" loyihasi doirasidagi xalqaro hamkorlik ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda katta ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

Tadbir davomida quyosh radiatsiyasini real vaqt rejimida monitoring qilish, qurg‘oqchilikni aniqlash va kuzatish tizimlari, yer usti va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida qum-chang bo‘ronlarini tahlil qilish hamda Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarish strategiyalari kabi masalalar muhokama qilindi.  

Shuningdek, "BLUE" loyihasi doirasida erishilgan natijalar tahlil qilinib, kelgusi tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Agrobiznes assotsiatsiyasi hamda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA