Mamlakatimiz antidoping sohasida 19-hukumatlararo Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirlarining yig‘ilishiga mezbonlik qiladi.
Joriy yilning 22-23-may kunlari poytaxtimizda o‘tkaziladigan 19-hukumatlararo Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirlari yig‘ilishida WADA prezidenti Vitold Banka va bosh kotibdan tashkil topgan Butunjahon antidoping agentligi vakillari, 34 ta davlatdan sport vazirlari, vazir o‘rinbosarlari va antidoping sohasiga mas’ul mutasaddilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan mazkur nufuzli anjuman ishtirokchilarini kutib olish, uning doirasidagi tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish ishlarining borishiga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov tegishli vazirlik va idora vakillari oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida yurtimizga kelayotgan Butunjahon antidoping agentligi mutasaddilari, 34 ta davlatning sport vazirliklari rahbarlarini belgilangan tartibda kutib olish, ularni joylashtirish, yurtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirish, o‘tkaziladigan uchrashuvlarda muhokama qilinadigan masalalar ko‘rib chiqildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha daxldor tashkilot mutaxassislarining hisobotlari tinglandi.
Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori A. Sodiqov yig‘ilganlarni 19-hukumatlararo Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirlari yig‘ilishining kun tartibi bilan tanishtirib, unda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi va Butunjahon antidoping agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishini bildirib o‘tdi.
Bundan tashqari, tadbir davomida mamlakatlarda antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar, kamchiliklar va rejalar haqida so‘z yuritilishi, zarur qarorlar qabul qilinishi belgilangan.
Shuningdek, Toshkent anjumani mamlakatlarda sportda dopingdan himoyalanish tizimlarida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar haqida tor doiradagi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan ushbu nufuzli tadbirga O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilmoqda. Bu, mamlakatimizda sport va antidoping sohasida yangi sahifa ochilayotganligidan, dopingga qarshi kurashda Toshkentda ko‘riladigan masalalar, qarorlar muhim rol o‘ynashidan darak bermoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA