Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan IV Toshkent Xalqaro amaliy san’at biyennalesi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ijodiy loyiha davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi "O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlar usta va hunarmandlari, rassomlarining ijodini namoyish etishga qaratilgan ushbu biyennale ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Toshkent Xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida qiziqarli ko‘rgazmalar, taqdimotlar, anjuman va mahorat darslari o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur biyennale mamlakatimizda keyingi yillarda milliy san’atimiz ravnaqiga, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor, amaliy san’atning rivojlanishi tendensiyalarini namoyish etishi bilan ham ahamiyatlidir.
N.Usmonova,
O‘zA