O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasida o‘tkazilgan “Uzbekistan Aquatics” federatsiyasining navbatdagi hisobot konferensiyasida o‘tgan yili suv sporti turlari bo‘yicha erishilgan natijalar tahlil qilinib, joriy yilgi rejalar ko‘rib chiqildi.
Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda federatsiya rahbariyati, shuningdek, terma jamoa a’zolari ishtirok etgan konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etgan hududiy vakillar o‘z mintaqalaridagi holat, mavjud infratuzilma, sportchi va murabbiylar tarkibi yuzasidan atroflicha axborot taqdim etishdi.
Yig‘ilishda joriy yilning 24 yanvar kuni poytaxtimizda o‘tkaziladigan Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) Ijroiya byurosi yig‘ilishini yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur yo‘nalishda barcha tashkiliy va texnik masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda 2025 yilgi xalqaro musobaqalarda yuqori natija qayd etgan Kasaba uyushmalari federatsiyasiga a’zo sportchilar taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA