Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “UzMedExpo-2024” XVI xalqaro tibbiyot koʻrgazmasi ochildi
16:32 / 2024-09-18

Bugun Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “UzMedExpo-2024” XVI xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi ochildi.

“International Expo Group” ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Germaniya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Latviya, Koreya Respublikasi, Rossiya va Turkiyadan 80 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda.  

“International Expo Group” ko‘rgazma kompaniyasi menejeri Gulshan Chalovaning qayd etishicha, ushbu tadbir uch kun davomida ushbu soha vakillari uchun muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, u nafaqat ishlab chiqaruvchilar, balki tibbiyot xodimlari uchun sohadagi eng ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish imkoniyatini beradi.  

[gallery-19324]

–Prezidentimizning 2023 yil 6 sentyabrdagi “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qator ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ko‘rsatib o‘tilganidek, mazkur sohadagi islohotlarni izchil davom ettirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, kompaniyamiz mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkam maqsadida ushbu an’anaviy tadbirni tashkil etib kelmoqda. Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan  tibbiy texnika va asbob-uskunalar, dori vositalari, zamonaviy sarf materiallari, tibbiyot sanoatining innovatsion tovarlari va xizmatlarining so‘nggi ishlanmalari o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi stendida yetakchi mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlari va innovatsion yechimlarini taqdim etmoqda,  –dedi G.Chalova.  

“Trust medical” kompaniyasi 8 yildan buyon  Yevropa davlatlari, AQSH, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy uskunalarni mamlakatimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda namoyish etib keladi. Kompaniyaning sotuv bo‘limi menejeri Aziz Akimovning so‘ziga ko‘ra, bugungi kunda ushbu zamonaviy apparatlardan yurtimiz klinikalarida keng foydalanilmoqda.  

–Biz ushbu namoyishda ko‘plab tibbiy uskunalar qatorida Chexiyada ishlab chiqarilgan nevrologik kasalliklarni aniqlash va davolashda muhim bo‘lgan uskunalarni targ‘ib qilyapmiz. Maqsadimiz mamlakatimiz tibbiyot sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishdir, –dedi A.Akimov.  

Ertaga, ya’ni 19 sentyabr kuni Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligining “Viruslarga qarshi dori vositalarining yetakchi ishlab chiqaruvchisi “Larifans” kompaniyasining yangi mahsulotlari” mavzusida seminari o‘tkaziladi.  

Nasiba Ziyodullayeva,  

Oybek Pardayev (surat),  

O‘zA