Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari – “Uzbek jewellery fair – 2023” xalqaro ko‘rgazma-savdosi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi Davron Samatov mamlakatimiz zargarlik sanoati bo‘yicha Markaziy Osiyoning yetakchisiga aylanib ulgurgani va bugun o‘z faoliyatini boshlagan xalqaro ko‘rgazma-savdosi ana shunday ishlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.
Ushbu ko‘rgazma-savdoda 20 dan ortiq mamlakatning zargarlik kompaniyalari o‘z brendlarini – oltin, kumush taqinchoqlar, olmos zargarlik buyumlari, qimmatbaho toshlar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari, marvarid va marvariddan taqinchoqlar, yarim qimmatbaho toshlar va taqinchoqlar kabi o‘z ishlanmalarini taqdim etmoqda.
“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Shohrux To‘ychiboyevning so‘ziga ko‘ra, jahon biznes olamida zargarlikning alohida o‘rni bo‘lib, san’at va sanoatning uyg‘unlashuvi natijasida vujudga kelgan ushbu yo‘nalish kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Yurtimizda bu tarmoq ravnaqining o‘z tarixi bo‘lib, u uzoq o‘tmish bilan bog‘liqligi, betakrorligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
[gallery-12074]
–Bu tadbir mamlakatimizda xalqaro darajada o‘tkazilayotgan birinchi ko‘rgazma hisoblanadi. Unda mahalliy va xorijlik ishtirokchilar qatnashmoqda. Ular orasida Turkiya, Italiya, Gruziya, Ozarbayjon, BAA, Qirg‘iziston kabi davlatlardan ishtirokchi va mehmonlar taklif etilgan. Hozirgi kunda yurtimizda ushbu sohada 104 dan ortiq yuridik shaxs toifasidagi korxona mavjud. Shu bilan birga, 333 ta yakka tartibda tadbirkor o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Ular o‘zining mahalliy brendlarini shakllantirib, bugun o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Maqsadimiz ushbu xalqaro tadbirning O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda nufuzini oshirish, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish va ular uchun katta maydon yaratishga qaratilgan. Qolaversa, O‘zbekiston oltin zaxirasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Shu sababli, bu zaxiradan to‘g‘ri foydalangan holda qo‘shimcha qiymat qo‘yib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda sohani yanada rivojlantirish va yuqori natijalarga erishish muhim, –dedi Sh.To‘ychiboyev.
Ko‘rgazma jarayonlari bilan tanishish chog‘ida ishtirokchilar bilan suhbatda bo‘ldik. Ularning biri O‘zbekiston zargarligi san’atini, yana biri Eron zargarlik san’atini, uchinchisi esa Dubay zargarlik san’atini namoyish etayotganiga guvoh bo‘ldik. Ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish, soha yangiliklaridan xabardor bo‘lish va o‘z brendlari bilan dunyo bozoriga chiqish yagona maqsadi ekanini qayd etdi.
Toshkent shahrida yakka tartibda faoliyat yuritayotgan tadbirkor Javlon Shorasulov ushbu namoyishda “Nodira gold” brendi bilan qatnashmoqda.
–Biz yaqinda "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasiga a’zo bo‘ldik. 10 yildan buyon zargarlik buyumlarini ishlab chiqaramiz. Ishlab chiqargan tilla buyumlarimizni “Nodira gold” brendi bilan taqdim etyapmiz. Bir yil oldin do‘kon ochdik. Maqsad bu kabi ko‘rgazmalarda qatnashib, hamkorlar topish va o‘z brendimiz bilan dunyo bozoriga chiqishdir, –dedi J.Shorasulov.
BAAning Dubay shahridagi “Caspianjewellery” korxonasi bosh menejeri Ilkin Nazarov aynan shu brend ostida zargarlik buyumlarini taqdim etmoqda.
–Biz oilaviy zargarlarmiz. 1997 yildan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan zargarlik buyumlarini o‘zimiz tayyorlaganmiz. Oltindan turli xildagi taqinchoqlar yasab, ularga brilliant toshlar bilan jilo beramiz. Biz Italiya, Gonkong kabi davlatlarda mahsulotlarimizni namoyish qilganmiz, lekin yurtingizda bizni iliq kutib olishganidan boshimiz ko‘kka yetdi, –dedi I.Nazarov.
Xalqaro tadbir dasturiga asosan B2B uchrashuvlar tashkil etilib, mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida “Charming East” tanlovi tashkil etilib, iqtidorli va iste’dodli zargarlarning turli yo‘nalishdagi ishlanmalari xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanishi kutilmoqda. Tanlov g‘oliblari “Uzbek jewellery awards” mukofoti bilan taqdirlanadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri