Joriy yilning 7-9 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida Bojxona qo‘mitasi tomonidan mahalliy kontentni oshirishda importni optimallashtirish mavzusida “Uzbek Import Fair 2025” I xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.
Bojxona qo‘mitasining Tashqi iqtisodiy faoliyat ilmiy markazi yetakchi ilmiy xodimi Rahmonqul Shoimqulov bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ko‘rgazma doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar hamda kutilayotgan natijalar xususida quyidagilarni gapirib berdi:
– Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini namoyish qilish, import hajmini samarali boshqarish, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va ichki bozorni sifatli, raqobatbardosh tovarlar bilan ta’minlash orqali importni optimallashtirishga ko‘maklashishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jahonning barcha mamlakatlari, ayniqsa, qo‘shni davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat yuritilishi mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasini so‘nggi besh yilda deyarli ikki barobarga oshirish imkonini yaratdi.
Tahlillarga ko‘ra, tashqi savdoda importning ulushi hanuz yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Xususan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi davomida import hajmi 20 mlrd. AQSH dollaridan ortiqni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga yoki 1,9 mlrd. AQSH dollariga oshgan.
Importning asosiy ulushini mashina va uskunalar, xo‘jalik mollari, kimyo sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallari tashkil etmoqda.
Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 avgustdagi tegishli topshirig‘iga asosan mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mazkur ko‘rgazmani yuqori saviyada o‘tkazish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Ko‘rgazmaning yana bir muhim qismi – 7-8 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan panel sessiyalar bo‘lib, unda asosiy importyorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va davlat idoralari vakillari bilan birga ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari olimlari va xalqaro ekspertlar ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu esa amaliy va ilmiy yondashuvga asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Panel sessiyaning birinchi kuni importni optimallashtirishning umumiy tamoyillari va strategik yondashuvlar, import siyosatida ustuvorliklar va tartibga solish mexanizmlari, tarif va notarif choralarni takomillashtirish, raqamli bojxona va logistika tizimlari orqali samaradorlik, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va importni bosqichma-bosqich kamaytirish bo‘yicha xalqaro tajribalar hamda O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar muhokama etiladi.
Ikkinchi kuni esa, sanoatning 24 ta sohasi bo‘yicha maxsus panel sessiya tashkil etilib, unda tarmoqlar kesimida importni optimallashtirish, oziq-ovqat, farmatsevtika, kosmetika, mashinasozlik, metall sanoati, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebel, charm va kimyo sanoati mahsulotlarini mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdagi mavjud muammolar, ularning yechimiga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Ushbu panel sessiya doirasida import hajmini qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va xalqaro tajribani joriy etish masalalari muhokama qilinadi.
Ushbu tadbir nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar maydoni, balki ilmiy-tadqiqot va amaliy hamkorlik platformasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlashga turtki bo‘lishi shubhasiz.
Sherbek Islomov, O‘zA