Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari va ekologiya sohasidagi vakolatli organlar bilan hamkorlikda belgilangan talablarga rioya qilmagan holda faoliyat yuritayotgan somsa, kabob, mangal tayyorlanadigan ob’ektlar va boshqa do‘konlarga nisbatan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tekshiruvlar davomida chiqindilarni tozalash bo‘yicha muhandislik yechimlariga ega bo‘lmagan holda piyodalar hududlarida va turar-joy binolari yaqinida tandir, pech va mangallarni joylashtirayotgan ob’ektlar aniqlanmoqda. Bunday nuqtalar faoliyati esa qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq holga keltirilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim.
Ma’lumki, tozalash va tutun chiqarish tizimlarisiz ishlash aholi salomatligiga xavf tug‘diradi, shahar muhiti sifatini yomonlashtiradi va fuqarolarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga qisqa muddatda faoliyatni qonuniylashtirish, sanitariya talablariga rioya qilish, filtrlar va samarali tutun chiqarish tizimlarini o‘rnatish, shuningdek, texnologik jarayonlarni ekologik me’yorlarga muvofiqlashtirish qat’iy tavsiya etiladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati va ekologiya organlarining nazorat tadbirlari davom ettiriladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA