Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Turkmaniston mahsulotlari namoyish etilmoqda
19:28 / 2024-07-15

Turkmaniston – O‘zbekiston qo‘shma komissiyasi va Turkmaniston – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari doirasida poytaxtimizda “Turkmanistonda ishlab chiqarilgan” nomli ko‘rgazma ochildi.

Qardosh mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Botir Otdayev mazkur tadbir “Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi”ga muvofiq yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida tashkil qilinganini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ikki davlat strategik sherik ekani, xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik rishtasi, umumiy tarix, din, til, madaniyat, urf-odat va an’analar mushtarakligi bog‘lab kelayotgani, mamlakatlarimiz biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi izchil ishbilarmonlik aloqalari hamda hududlararo mustahkamlanib borayotgan hamkorlik doirasida yanada keng istiqbol ochilayotganini ta’kidladi.

[gallery-18286]

Turkmanistonlik ishbilarmonlar uchun O‘zbekiston muhim savdo-iqtisodiy hudud hisoblanadi. Buyuk ipak yo‘lining savdo-sotiq rivojlangan manzilida joylashgan mamlakatlarimiz tadbirkorlari aloqalari ko‘lami kengayib borayotgani esa teng manfaatli rivojlanishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishida oliy darajadagi uchrashuvlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu ko‘rgazmada neft, kimyo, to‘qimachilik, tibbiyot sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mollari, transport va logistika, sport va turizm, ilmiy-texnika, ta’lim sohasidagi yutuqlar, xizmatlar namoyish etilmoqda. Turkman gilamlari, kasanachilik, baliqchilik sanoati, dunyoga mashhur axaltekin otlari naslchiligi tadqiqotlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.

– Biz 500 ga yaqin turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaramiz, – deydi kolbasa, qandolat va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik “Täze Aý” (Yangi oy) kompaniyalar guruhi vakili Annameret Xidirov. – Xalqaro standartga mos sertifikatlangan korxonalarimizda “ISO-9001” talabiga javob beradigan sifat menejmenti va har biri muvofiqlik sertifikatiga ega “ISO-22000:2018” standartiga mos oziq-ovqat xavfsizligini boshqarish tizimlari mavjud. Savdo belgimiz xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etadi. Faoliyatimiz uch omilga asoslangan: inson, mahsulot, an’ana. Bu yagona mexanizmni odamlar boshqaradi. Jamoamiz an’analarni asrab-avaylab, faqat yuqori sifatli halol mahsulot ishlab chiqaradi.

Ko‘rgazmani tomosha qilarkansiz, har qanday nigohni o‘ziga jalb qiladigan turkman gilami yonidan to‘xtamay o‘tolmaysiz.

Asl turkman gilamchiligi 2019 yil tegishli hukumatlararo qo‘mita tomonidan UNESCO Nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

– Jamoamizda 18-45 yoshli xotin-qizlar ishlaydi, – dedi Buxoroda joylashgan “SD-Turkmen haly” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona rahbari Solmaz Jumayeva. – Ish ikki naavbatda tashkil qilingan. Ixtiyoriy 5 soatlik ish vaqtidan so‘ng xohlaganlar qo‘shimcha ishlashi yoki kunning qolgan qismini oilasi, farzandlari bag‘rida o‘tkazishi, uy yumushlarini bemalol bajarishi mumkin. Ish o‘rganuvchilar uchun maxsus o‘quv kurslari joriy etilgan. 3 oylik o‘qish jarayonida 690 000 – 920 000 so‘m oralig‘ida stipendiya to‘lanadi. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlaganlar korxonada ish boshlaydi. Hozir korxonamizda 100 dan ziyod opa-singillarimiz ish bilan ta’minlangan.

Turkman badiiy an’analari uslubida bezatilgan eksklyuziv suvenir bezaklarining keng assortimenti “Chapak” oilaviy kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Biznes egasi – mohir hunarmand Maya Orazmurodovaning qo‘lida har qanday mato bo‘lagi, go‘yoki, sehrlanganday bejirim mahsulotga aylanadi. Onasining izidan borgan qizining ham qo‘li gul. Oilaviy duet jun va ipakdan chiroyli asarlar yaratadi. Oila boshlig‘i Muhammed Bayramov esa marketing bo‘yicha menejer vazifasini zimmasiga olgan.

– 25 yildirki, turli zichlik va murakkablikdagi jun va ipak gilam, to‘qima tasviriy san’at namunasi, gilam nusxa sumka, yostiq, qalin shippak, qo‘g‘irchoq va esdalik sovg‘alarini qo‘lda yasaymiz, – deydi Maya Orazmurodova. – Endilikda butun dunyoga tarqalayotgan, chiroyli, mustahkam va chidamli mahsulotlarimiz nafaqat kundalik hayotning amaliy elementi, balki turkman madaniyatining ajralmas bo‘lagidir.

O‘tgan yil qadimiy Buxoroga kelib, yangi turkman gilami muzeyi ochilishida ishtirok etib, bir olam taassurot oldik. 1992 yil tashkil etilgan kompaniyamiz Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqiga a’zo.

Bu ishbilarmon oilaviy uchlikka ko‘pincha milliy an’analarni chet elda namoyish etish ishonib topshiriladi. Eng muhimi, xalq hunarmandligiga xos mahoratni ishga solib, mehr bilan tayyorlangan asl suvenirlar yangi sohibiga turkman xalqining badiiy-estetik an’analari palitrasi, boy bezak uslublari bilan tanishish imkonini beradi.

Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi mavjud iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishi, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘zaro manfaatli ko‘plab yangi kelishuvlarga erishishiga ko‘maklashishi shubhasiz. Qolaversa, bunday anjumanlar azaliy do‘st xalqlarimiz o‘rtasidagi mehr rishtasini ham tobora mustahkamlaydi.

Muharrama Pirmatova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA