Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda transport va logistikaga ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tmoqda
17:58 / 2023-11-02

Xabar berganimizdek, poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi transport forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum doirasida “Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2023" 19-xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Aytish joiz, poytaxtimiz bir vaqtning o‘zida qator transport va logistika sohasidagi xalqaro forumlarga mezbonlik qilishi mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi yirik platformalardagi o‘rni naqadar mustahkam bo‘lib borayotganidan dalolat. E’tiborlisi, tashabbus O‘zbekistondan chiqyapti.  

Ko‘rgazmada 15 davlatdan 60 dan ortiq kompaniya qatnashmoqda. Jumladan, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “My Freighter” mahalliy yuk tashish kompaniyasi, “Centrum Air” va “Qanot Sharq” yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalari, Shveysariya, Litva, Latviya, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Xitoy va Germaniyadan tashrif buyurgan logistika kompaniyalari ishtirok etmoqda. 

[gallery-14364]

Ko‘rgazma maydonidan havo, avtomobil, dengiz, temir yo‘l, multimodal transport, aviakompaniyalar, aeroportlar, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, davlat temir yo‘llari, lokomotiv-parvozlar, elektrovozlar, teplovozlar, yo‘lovchi vagonlari, tijorat transporti va boshqa transport sohalarida keng qo‘llaniladigan texnologiyalar o‘rin olgan.  

“Uzbekistan Airports” xabariga ko‘ra, kompaniya respublikaning 11 xalqaro aeroporti nomidan ushbu ko‘rgazmada uchinchi bor ishtirok etmoqda.  

Shuningdek, bugun Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi transport forumi doirasida “Aviation & Logistics Forum-2023» II xalqaro aviatsiya forumi ish boshladi.  

Unda 20 dan ortiq davlatdan 40 dan ziyod tashkilot, xususan, "Turkish Airlines", "Boeing", "Uzairways", "TAV Technologies" kabi aviakompaniya vakillari ishtirok etmoqda.  

Ko‘rgazma 3 noyabrga qadar davom etadi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA