Kuni kecha poytaxtimizda Toshkent texnologiyalar texnika universitetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, shuningdek, xalqaro hamkorlar – “Constructor University Bremen” (Germaniya) va “Boston Consulting Group” (AQSH) xalqaro konsalting tashkiloti vakillari, sanoat hamda energetika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro standartlar asosida yangi avlod texnik oliy ta’lim muassasasi – “ToshTech” texnika universiteti (Tashkent University of Technology) tashkil etildi. Universitet Markaziy Osiyoda muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi akademik va texnologik markazga aylanishi ko‘zda tutilgan.
“ToshTech” O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi flagman milliy loyiha hisoblanib, akademik mukammallik, amaliy tadqiqotlar va sanoat bilan tizimli integratsiyaga asoslangan muhandislik universitetining yangi modelini shakllantirmoqda. Universitet STEM yo‘nalishlari, texnologik tadbirkorlik, bilim va texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.

Universitetda ta’lim jarayoni bakalavriat va magistratura bosqichlarida muhandislik hamda texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Dastlabki to‘rt yilda elektr muhandisligi, sanoat mashinasozligi va avtomobilsozlik muhandisligi, materialshunoslik va muhandislik fanlari, ilg‘or muhandislik va yangi texnologiyalar, shuningdek, muhandislik boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha beshta maktab (fakultet) faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.
Universitetning tayyorlov dasturi (Foundation) “Constructor University Bremen” (Germaniya) akademik ishtiroki asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, muhandislik ta’limining xalqaro standartlariga to‘liq javob beradi. Ushbu hamkorlik o‘quv dasturlarining sifati, baholash va akademik nazorat mexanizmlari, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash hamda akademik almashinuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, universitet Singapur, Buyuk Britaniya va AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlarini joriy etishni rejalashtirgan.
“ToshTech” texnika universitetining rivojlanish konsepsiyasi, institutsional modeli va ta’lim dasturlarining strategik arxitekturasi “Boston Consulting Group” (BCG) xalqaro konsalting tashkiloti ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan. BCG universitetni boshqaruv modeli, sanoat bilan integratsiya, kompetensiya markazlari va raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirishda ko‘maklashmoqda.
Ochilish marosimi doirasida “ToshTech” texnika universiteti va bir qator yirik tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumlari imzolandi. Ular orasida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “ACWA Power”, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati, “Yashil energiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘zenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyati bor. Ushbu hamkorliklar doirasida talabalar uchun amaliyot, stajirovka, qo‘shma loyihalar va bitiruvdan so‘ng ishga joylashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, texnologik transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlari jadallashayotgan sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori malakali muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Ishchi guruh prognozlariga ko‘ra, yaqin o‘n yil ichida mamlakatning asosiy tarmoqlarida qariyb 35 ming nafar muhandis mutaxassisga talab yuzaga keladi. “ToshTech” universiteti aynan shu ehtiyojni qoplash, energetika, sanoat, mashinasozlik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun zamonaviy muhandislarni tayyorlashga qaratilgan.

Universitet faoliyatini 2026 yil sentyabr oyida to‘liq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. Jumladan, 2025 yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi. Universitet binosida energiya samarador texnologiyalar qo‘llanilib, uch qavatli ikki kamerali oyna, tashqi devorlar uchun bazalt izolyatsiyasi, isitish va sovitish tizimida issiqlik nasosi hamda fankoyllar joriy etildi. Shuningdek, elektr energiyasi ehtiyojining bir qismi qayta tiklanuvchi quyosh panellari orqali ta’minlanmoqda. Ayni paytda 4 ming kvadrat metrdan ortiq maydon 120 kilovattli quvvatga ega quyosh panellari orqali isitish va sovitish tizimi bilan ta’minlangan.
Tayyorlov dasturiga dastlabki qabul jarayonida 650 nafardan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 200 nafar tinglovchi saralab olindi. Dastlabki dars va ochiq ma’ruza 2025 yil 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan.
Shu tariqa, “ToshTech” texnika universitetining tashkil etilishi O‘zbekistonda muhandislik ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Universitet faoliyati natijasida iqtisodiyotning strategik tarmoqlari uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga mustahkam zamin yaratiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA