English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda tezkor avtobuslar harakati uchun alohida ajratilgan yo‘lak tashkil etiladi
11:08 / 2023-06-07

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yo‘lovchilar tashish faoliyati va ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi regulation.gov.uz portalida e’lon qilindi.

Loyihada qayd etilishicha, Toshkent shahrining Amir Temur, Shahrisabz, Shota Rustaveli va Yangi Sergeli ko‘chalarida tezkor avtobuslar harakatlanishi uchun alohida ajratilgan yo‘lak tashkil etish rejalashtirilmoqda.  

Mazkur ko‘chalardagi chorrahalarda svetoforlar muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish va chorrahalarning geometrik parametrlarini o‘zgartirish orqali samaradorligini oshirish, yo‘nalishsiz taksi uchun yo‘lovchilarni tushirish-chiqarish maydonchalarini, ehtiyojdan kelib chiqib, yo‘l-transport hodisalari tahlili asosida tartibga solingan piyodalar o‘tish yo‘laklarini joriy qilish va svetoforlarni muvofiqlashtirilgan tizimga integratsiya qilish, xavfsizlik orolchalarini joriy etish, jamoat transporti infratuzilmasi ob’ektlarini talab va ehtiyojdan kelib chiqqan xolda rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish ham nazarda tutilgan.  

Loyiha amalga oshishi natijasida Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi "Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi ta’minlanadi.  Tezkor avtobuslar harakatlanishi uchun alohida ajratilgan avtobus yo‘lagini tashkil etish va chorrahalarni geometrik parametrlariga o‘zgartirish kiritgan holda rekonstruksiya qilish natijasida avtobus harakati tezligini va yo‘llarda transport vositalari o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga erishiladi. 

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi shaharning Amir Temur, Shahrisabz, Shota Rustaveli va Yangi Sergeli ko‘chalarida qurilish va ta’mirlash ishlarini 2023 yil yakuniga qadar to‘liq tugatish choralarini ko‘radi.  

 

O‘zA