Joriy yilning 4 iyun kuni Toshkentda “Umumiy farovonlik va barqaror taraqiyot yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik” mavzuida tahlil markazlarining «Markaziy Osiyo -Xitoy» IV forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil may oyida Sian shahrida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari sammitida bildirilgan tashabbuslarini amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda 20 ta ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlardan 40 dan ortiq mutasaddi va ekspertlar, XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etadi.
Forumning kun tartibi XXR va MO mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holatiga oid masalalar, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, “yashil” energetik hamda transport-logistika va innovatsion sohalarda har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokamasini o‘z ichiga oladi.
Forum yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining dolzarb yo‘nalishlari belgilab olinadi, shuningdek, yangi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqiladi.
O‘zA