Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” start oldi
21:01 / 2022-08-17

Toshkent shahridagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 17 avgust kuni “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” o‘z ishini boshladi.

Mamlakatimizda tabirkorlik muhitini yaxshilash, xorijiy investor va ishbilarmonlarga shart-sharoit yaratishga bag‘ishlangan haftalik doirasida asosiy yo‘nalishlar kesimida tematik panel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

“Ochiq muloqot”ga tayyorgarlik ko‘rish uchun tadbirkorlardan kelib tushgan savollar doirasida 9 ta panel sessiyalar, B2B – tadbirkor bilan tadbirkor uchrashuvi, B2G – tadbirkor bilan hukumat uchrashuvi va V2C – ishlab chiqaruvchi va iste’molchi uchrashuvi formatida ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Kunning birinchi qismida “Xorijiy investor, mahalliy tadbirkor va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz, subsidiya va preferensiyalar taqdim etish hamda start-ap va innovatsion g‘oyalarni ko‘llab-quvvatlash” masalalari bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.

Respublikamizda xorijiy investor va tadbirkorlarni subsidiya berish orqali qo‘llab-quvvatlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati, boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, biznes boshlashda yangi start-ap va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga oid ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitiv so‘nggi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida huquqiy bazani mustahkamlash, investorlar manfaatini himoya qilish, “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishda bir qator ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

– Jahon tajribasidan kelib chiqib, tadbirkorlik rivojlanmagan hududlarning investitsion salohiyatini oshirish maqsadida respublikamizda jami 20 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan, – deya ma’lumot berdi A.Voitiv. – Ushbu erkin iqtisodiy zonalarda Soliq kodeksiga muvofiq, imtiyoz va preferensiyalar kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab soliqlardan 3 yildan 10 yilgacha muddatga ozod qilinadi.

Shunday qilib, "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi" doirasida o‘tkazilgan birinchi panel munozarasi tadbirkorlar muammolarini hal etish hamda O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan taklif va tashabbuslarni o‘rganish uchun yaxshi platforma vazifasini bajardi.

Parallel ravishda o‘tgan “Xususiylashtirish, bino ajratish, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish” seksiya yig‘ilishida xususiylashtirilgan ob’ektlarda qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berish tartibini yanada takomillashtirish masalasi ko‘tarildi.

Muloqot chog‘ida “E-Auksion” orqali bo‘sh bino sotish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi islohotlar, xususiy mulkni himoya qilish hamda xalqaro bitimlar doirasida mulk daxlsizligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 20 avgustda mamlakatimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan “Ochiq muloqoti” bo‘lib o‘tgan edi.

Ushbu yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushgan va ularning aksariyati hal qilingan.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA