Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi ochildi (+video)
10:15 / 2025-10-19

17 oktyabr kuni Toshkentda “Quyoshli Olam” nodavlat notijorat tashkiloti, YUNICYeFning O‘zbekiston vakolatxonasi hamkorligida hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ishtirokida “Tabassum” inklyuziv ustaxonasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat va xalqaro tashkilotlar, blogerlar, OAV vakillari hamda aqliy rivojlanishida o‘ziga xos bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. 

Inklyuziv ustaxona faoliyatining asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan yoshlarning san’at va hunar orqali o‘z salohiyatini yuzaga chiqarish, jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashishdir. “Tabassum” loyihasi esa shunchaki o‘quv maydoni emas, balki ijtimoiy integratsiya, yoshlar salohiyatini oshirish va katta hayotga qadam qo‘yishlariga yordam va teng imkoniyatlarini targ‘ib qiluvchi yangi model” deya ta’kidladi, “Tabassum” loyihasi hamda Quyoshli Olam” NNT rahbari — Shahnoza Ikromova. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi,  YUNICYeF, “Quyoshli Olam”,  Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda O‘zbekiston ko‘ngillilar assotsiatsiyasi rahbari — Shirin Abidova ishtirokchilarni tabriklab, bu kabi ustaxonalar yoshlarning mustaqil hayotga tayyorlanishida beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shu bilan bir qatorda tadbir davomida “Tabassum” loyihasining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ham ahamiyatli ekani tilga olindi. 

Marosim davomida “Tabassum” loyihasining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ham ahamiyatli jihatlari tilga olindi.

Tadbir mehmoni, tadbirkor — Po‘lat Salixov o‘z chiqishida “biznesning ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi — bu nafaqat xayriya, balki jamiyat kelajagiga sarmoya ekanini, shu bilan birgalikda, bunday xayrli loyihalarni keng jamoatchilik orasida targ‘ib etib, qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiqligi”ni ta’kidladi.  

“Ular uchun Tabassum nimani anglatadi” mavzusida o‘tkazilgan suhbatda esa bolalarning ota-onalari o‘z farzandlarining bu markaz orqali hayotga yangicha qarash, do‘stlar orttirish va ijodkorlik orqali o‘zini ifoda etish imkoniga ega bo‘layotganini samimiyat bilan so‘zlab berdilar va markaz tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdilar. 

  Keramika ustasi Ziyoda Ulug‘bek qizi va Wyebster universiteti ko‘ngillilari ustaxona faoliyatining tarbiyaviy va ma’naviy jihatdan ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Ular yoshlar bilan birga ijod qilish, ularning ishonchini mustahkamlash jamiyat uchun ham katta o‘zgarishlar olib kelishini qayd etishdi. 

““Tabassum” markazi — ota-onalar va jamoatchilik birlashib, barcha bolalar uchun inklyuziv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkinligini yaqqol ko‘rsatib beruvchi yorqin namuna. Menimcha, bunday tashabbuslar va xizmatlar har yerda yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu shuningdek, O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim va ko‘nikma rivojlantirish sohasidagi islohotlar qanday yo‘nalishda ketayotganini ham yaqqol aks ettiradi” deydi, YUNISEF O‘zbekiston vakolatxonasi rahbar o‘rinbosari v.b. — Mariya Alisea. 

“Menimcha, davlat sektori bunday markazlarni rivojlantirishda juda muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy javobgarlik ham muhim ahamiyatga ega, chunki bu markazlarga kerakli xizmatlar, qo‘llab-quvvatlash va resurslarni taqdim etish uchun dastlabki moliyaviy yordamni ta’minlaydi. Shuning uchun barcha bizneslarni bunday tashkilotlar va xizmatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman, shuningdek, hukumatning bu jarayonni rag‘batlantirishi ham juda muhimdir” deydi, yana u. 

  Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun mahorat darslari o‘tkazildi — ular keramika yasash, shopperlarni bezash va rasm chizish bo‘yicha o‘z ijodlarini sinab ko‘rdilar. Bu jarayon nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham birgalikda o‘sish va muloqot maydoniga aylandi. 

Tadbir nihoyasida esa “Tabassum” ustaxonasining hovlisida katta qozonda tayyorlangan an’anaviy palov dasturxonga tortildi — bu esa birlik, mehmondo‘stlik va iliq muhit ramziga aylandi. 

  “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi — bu imkoniyat emas, imkon berish markazi. Bu yerda har bir bola o‘z qadrini, hayotdagi o‘z o‘rnini topadi. Har bir kulgu esa — yangi umid, har qaysi ijodiy ish — mustaqil hayot sari kichik, ammo katta ma’no kasb etuvchi odimdir. 

Ushbu  markazga farzandi bilan qatnaydigan onalardan biri — Dildora Sharipova shunday deydi: 

“O‘g‘lim Ahmadjonning Daun sindromi borligi sababli “Tabassum” markaziga u ochilganidan beri muntazam qatnab kelaman. Avvaliga biz psixologlar, pedagoglar va defektologlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazardik, endilikda bir yildan buyon hunar o‘rganish mashg‘ulotlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni men ushbu markazning doimiy ishtirokchisiman. Shundan beri biz sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni kuzatyapmiz — farzandlarimiz o‘z fikrlarini aniqroq ifoda eta boshlashdi. Avvallari ular gapirishda qiynalishardi, hozir esa to‘liq gap tuzib, ravon so‘zlashyapti. Bundan tashqari, turli ijtimoiy muhitlarga kirishganda ham o‘zlarini yanada qulay va ishonchli his qilishyapti”. 

“Sizningcha, jamiyat bunday yoshlarni qanday qabul qilishi kerak?” degan savolga esa ona shunday javob berdi; 

 “Albatta, katta bag‘rikenglik bilan yondashish kerak. Har bir bola bu dunyoga yashash va rivojlanish huquqi bilan keladi. Ular ham hurmat va e’tiborga loyiq. Albatta, jamiyatda hali ayrim kamchiliklar bor, ammo so‘nggi besh, o‘n yil ichida farzandlarimiz uchun ancha yaxshi imkoniyatlar yaratildi. Inklyuziv maktablar tufayli ular endi tengdoshlari bilan birga o‘qib, jamiyatda o‘z o‘rnini topa boshlashdi. Bu esa biz ota-onalar uchun katta yengillik, endi farzandlarimiz jamiyatdan ajralib qolishidan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Bu haqiqatan ham yelkadan og‘ir yukni olib tashlangandek gap bo‘ldi”. 

Turli nuqsonlar bilan tug‘ilgan o‘z farzandini qabul qilolmaydigan ota-onalarga  nima degan bo‘lar edingiz?

“Farzandim tug‘ilgan paytda, albatta, men katta stress va hissiy sinovlarni boshdan kechirdim. Ammo vaqt o‘tishi bilan farzandim men uchun haqiqiy ne’mat, o‘ziga xos maqsad bilan berilgan mukofotga aylandi. U tug‘ilgandan so‘ng biz turli markazlarga birgalikda bordik, ota-onalar sifatida bir-birimizni qo‘llab-quvvatladik. Shu tariqa, tajriba almashadigan va bir-biriga yordam beradigan qariyb 1500 nafar ota-onadan iborat jamoa shakllandi. Bu markaz biz uchun juda foydali bo‘ldi, chunki farzandlarimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rish bizga umid bag‘ishladi, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishini ko‘rsatdi. Bu esa albatta, katta quvonch manbai.

Afsuski, tan olish kerak,  hali ham farzandini qabul qilishda qiynalayotgan, ular bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilmaydigan ota-onalar ham bor. Ularga maslahatim shuki — bolangizni jamiyatdan ajratmang, aksincha, uni jamiyatga qo‘shishga harakat qiling. Har bir bolada salohiyat bor, ota-ona sifatida bizning vazifamiz — ularni yo‘naltirish. Bu jarayonda biz ham inson sifatida o‘zgaramiz, sabrliroq, mehribonroq va jasurroq bo‘lamiz. Men bu o‘zgarishni farzandim orqali shaxsan boshdan kechirganman. Ishonch va fidoyilik bilan yondashilsa, katta natijalarga erishish mumkin”.

<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/lUN_i9UjUvU" title="Toshkentda “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov (video), O‘zA