Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda SHXT Xalq diplomatiyasi forumi bo‘lib o‘tmoqda
13:30 / 2022-05-11

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi doirasida “Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik” mavzusida SHHT Xalq diplomatiyasi forumi ish boshladi.

Yuqori darajadagi anjumanda xalqaro tashkilotlar vakillari, SHHTga a’zo mamlakatlar parlamentlari, nodavlat tuzilmalar va ilmiy-tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Qayd etish kerak, SHHT hozirgi bosqichda tamaddunlararo muloqotni rivojlantirishga faol ko‘maklashyapti, turli madaniyat va an’analarga ega xalqlar o‘rtasida “ko‘priklar” bunyod etyapti. Madaniyat, ta’lim, turizm, yoshlar va gender siyosati sohalaridagi hamkorlik mexanizmi, SHHT xalqaro marafoni, “SHHTning sakkiz mo‘jizasi” ko‘rgazmasi kabi tadbirlar mamlakatlarimiz tarixiy va madaniy qadriyatlarini ochib berish, targ‘ib etishga samarali xizmat qilmoqda.

Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, xalq diplomatiyasiga bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj borligini ta’kidladi.

Mamlakatimiz SHHTga raislik doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish orqali tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, hurmat va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha ushbu mexanizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Markaziy Osiyo Shanxay hamkorlik tashkilotining o‘zagi o‘laroq, SHHT makoni farovonligini ta’minlashda beqiyos o‘rin tutishini qayd etdi. O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqa mamlakatlari bilan ishonchli munosabat va ochiq muloqotni mustahkamlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar xususida ma’lumot berdi.

bugungi anjuman bilan bir qatorda kelgusida o‘tkazilishi rejalashtirilgan turizm, ayollar, “aqlli shaharlar” forumlari, Yoshlar kengashi yig‘ilishi, yoshlar o‘rtasida «start-ap» loyihalar tanlovi, sport musobaqalari ham tashkilot makonida madaniyatlararo aloqani kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yil Toshkentda tashkil etilgan SHHT Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatiga alohida urg‘u berildi. Mazkur tuzilma qisqa vaqt ichida tashkilot tizimida munosib o‘rin egallagani, Xitoy, Tojikiston va boshqa qator davlatlarning yondosh muassasalari bilan yaqin aloqa o‘rnatilgani e’tirof etildi.

Anjumanda yurtimizning SHHTga raisligi va respublikamiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yuqori baholandi. Delegatsiyalar SHHTga a’zo davlatlardagi yosh avlod salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish, har yili SHHT madaniy va sayyohlik poytaxti maqomini berish amaliyotini joriy etish, “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish singari mamlakatimiz takliflari qo‘llab-quvvatladi.

– SHHT tamaddunlar o‘rtasidagi muloqotni faol va izchil rivojlantirishga ko‘maklashadi, turli madaniyat va an’analarga ega xalqlar o‘rtasida ko‘prik barpo etadi, – dedi V.Norov. – Tashkilot Buyuk Ipak yo‘lida shakllangan, asrlar davomida mintaqaning asosiy iqtisodiy va ma’naviy qon tomiri bo‘lgan, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga, hududlarning bir-biriga yaqinlashishi, izchil rivojlanishiga hissa qo‘shgan aloqani tiklab, yanada boyitishga samarali xizmat qilmoqda.

Umuman, anjuman ishtirokchilari forum doirasida ishlab chiqilayotgan loyihalar mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini bir ovozdan e’tirof etishyapti.

Dasturiga ko‘ra, “Xalq diplomatiyasini mustahkamlashda parlament va jamoat tashkilotlarining roli”, “Xalq diplomatiyasi zamonaviy davlatlararo aloqaning muhim elementi sifatida: SHHT davlatlari tajribasi misolida” mavzularida yalpi majlislar bo‘lib o‘tadi.

Mahalliy va xorijiy tashkilotlar vakillari turli g‘oya va takliflarni ilgari surishadi, muhim tashabbuslar, qiziqarli taqdimotlar bilan chiqish qiladilar.

Forum yakunida SHHT Xalq diplomatiyasi “Toshkent kommyunike”si qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Behruz Xudoyberdiyev,

Ulug‘bek Mahmirzayev,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA muxbirlari