English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XII majlisi o‘z ishini boshladi
14:11 / 2017-05-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan majlisda ShHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston va Belarusning yetakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyati, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘tgan yillardagi faoliyati davomida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Bugungi davlatlararo munosabatlar tizimida xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash, o‘zaro manfaatli sohalarda turli loyihalarni amalga oshirishda samarali mexanizmga aylandi. Tashkilot jahon hamjamiyati e’tiborini butun dunyoga jiddiy xavf solayotgan terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish masalalariga qaratmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumi a’zo davlatlarning ilmiy-tadqiqot va siyosiy markazlari faoliyatiga ko‘maklashish va ilmiy qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ShHT faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning faoliyatiga doir ayrim masalalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy va prognoz materiallar, tavsiyalar tayyorlash uchun ko‘p tomonlama mustaqil ijtimoiy maslahat-ekspert mexanizmi hisoblanadi.

Forum majlisining dastlabki kunida ShHT tashkil topganining 15-yilligi munosabati bilan 2016-yil iyun oyida Toshkentda o‘tgan Davlat rahbarlari kengashining majlisi yakunlari muhokama etilmoqda. O‘zbekistonning 2015-2016-yillarda tashkilotga raisligi davrida ShHT faoliyatining samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilgani ta’kidlandi. O‘tgan yilgi sammitda imzolangan hujjatlar tashkilotning ustuvor yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga doir amaliy vazifalarni hal etishga xizmat qilmoqda.

ShHT Davlat rahbarlari kengashining majlisida muhim hujjat – ShHTning 15-yillik faoliyati yakunlari va istiqbolda uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aks ettirilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganini ta’kidlash joiz. Tashkilotni kengaytirishga qaror qilingani esa sammitning yana bir muhim masalasi bo‘ldi. Davlat rahbarlarining uchrashuvi yakuni bo‘yicha Hindiston va Pokistonning ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar ham imzolangan edi.

Forum majlisining birinchi kunida, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida barqarorlik va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda ular o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, turizm va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Majlisda O‘zbekiston vakillari 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini taqdim etdi. Mamlakatimizning iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi pozitsiyasini, shuningdek,  puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mazkur strategiyaning maqsadlari ShHT faoliyatining xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlariga mos kelishi qayd etildi.

Harakatlar strategiyasida transport-kommunikatsiya sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bundan ShHTga a’zo davlatlar ham manfaatdordir. Bu boradagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi Osiyo bilan Yevropani bog‘laydigan xalqaro transport koridorlarining ko‘p variantli tizimini shakllantirish imkonini beradi.

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturining asosiy qoidalariga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘tkazildi. Dastur doirasida aholi farovonligini yuksaltirish, bandlik masalasini hal etish, sog‘liqni saqlash sifatini yaxshilash va mahalla rolini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Majlis ishtirokchilari taqdim etilgan axborotni ijobiy baholadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”ligi to‘g‘risidagi qat’iy pozitsiyasi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotini yanada rivojlantirish, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli investitsiya va savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari hamda ShHTni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashiladi.