Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining majlisi bo‘lib o‘tadi
19:30 / 2017-04-28

Toshkent shahrida shu yil 11-12-may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XII majlisi o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etiladigan ushbu yirik xalqaro tadbirni yuksak saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Toshkent shahrida shu yil 11-12-may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XII majlisi o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etiladigan ushbu yirik xalqaro tadbirni yuksak saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Majlisda ShHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron va Afg‘onistonning yetakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyati, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘tgan yillardagi faoliyati davomida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Bugungi davlatlararo munosabatlar tizimida xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash, o‘zaro manfaatli sohalarda turli loyihalarni amalga oshirishda samarali mexanizmga aylandi. Tashkilot jahon hamjamiyati e’tiborini butun dunyoga jiddiy xavf solayotgan terrorizm, ekstremizm va narkotrafik masalalariga qaratmoqda.

2001-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotini tashkil etish to‘g‘risida tarixiy qarorni qabul qildi. Bugungi kunda Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Eron, Mo‘g‘uliston va Belarus ShHT faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Turkiya, Shri-Lanka, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepal ShHTning muloqot bo‘yicha sherik maqomiga ega. Bundan tashqari, BMT va uning tuzilmalari, ASEAN, MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, ESKATO kabi qator xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumi a’zo davlatlarning ilmiy-tadqiqot va siyosiy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ShHT faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning faoliyatiga doir ayrim masalalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy va prognoz materiallar, tavsiyalar tayyorlash uchun ko‘p tomonlama mustaqil ijtimoiy maslahat-ekspert mexanizmi hisoblanadi.

O‘tkaziladigan tadbir doirasida ShHT tashkil topganining 15-yilligida, 2016-yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari, ShHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari, xavfsizlik, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, tashkilotni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi.

ShHT Davlat rahbarlari kengashining o‘tgan yilgi majlisida muhim hujjat – ShHTning 15-yillik faoliyati yakunlari va istiqbolda uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aks ettirilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir. Davlat rahbarlarining uchrashuvi yakuni bo‘yicha Hindiston va Pokistonning ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar ham imzolangan edi.

Kuzatuvchi maqomiga ega va muloqot bo‘yicha sherik davlatlar bilan aloqalarni faollashtirish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va ularning ulkan salohiyatini ShHT doirasida birgalikdagi faoliyatga jalb qilish bo‘lajak uchrashuvning muhim masalalari sifatida qayd etilgan.

ShHT Forumi 12-majlisining kun tartibida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi taqdim etilib, uning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Mazkur strategiyaning asosiy maqsadlari xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha ShHT faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga mos keladi.

Harakatlar strategiyasida transport-kommunikatsiya sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bundan ShHTga a’zo davlatlar ham manfaatdordir. Bu boradagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi Osiyo bilan Yevropani bog‘laydigan xalqaro transport koridorlarining ko‘p variantli tizimini shakllantirish imkonini beradi.