BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO tomonidan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida sabzavot ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha trenerlar tayyorlash mashg‘uloti tashkil etildi.
“Kichik fermerlar barqaror agrar oziq-ovqat ekotizimlariga erishish uchun qishloq xo‘jaligidagi innovatorlar sifatida” loyihasi doirasida o‘tkazilgan seminar O‘zbekiston va Qirg‘izistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
FAO maslahatchisi, xalqaro bog‘dorchilik va iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis Hamdino Ahmad zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, iqlim o‘zgarishi sharoitida yetishtirish bo‘yicha nazariy va amaliy dars o‘tdi.

Tadbirda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi olimlari ma’ruza qildi. Jumladan, “O‘zbekistonda nav chiqarish va urug‘ sertifikatlashtirish tizimlari”, “O‘zbekistonda sabzavot urug‘chiligi bo‘yicha umumiy sharh” va “O‘zbekistonda o‘z-o‘zini changlatuvchi sabzavot ekinlari holati va ishlab chiqarishi” mavzularida taqdimot qilindi.
Sessiyalar davomida fermer va issiqxona egalari ko‘chat yashovchanligini oshirish usullarini o‘rgandi. Issiqxonada sog‘lom o‘simlik o‘sishi uchun harorat va namlik nazoratini ta’minlashning ahamiyati ham tahlil qilindi.

Qayd etish kerak, mazkur loyiha doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha uch kunlik seminarda qatnashgan.
Ushbu transchegaraviy bilim almashish ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamladi va ishtirokchilarga iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligi va barqaror fermerchilik usullari bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish imkoniyatini berdi.
Tadbir yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar, mavjud yechimlarni issiqxonalarda keng joriy qilishga kelishib olindi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA