Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “Ruminiya kino kunlari” o‘tkazildi
14:03 / 2025-12-30

Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Ruminiya kino kunlari” O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida tomoshabinlarga rejissyor Marian Krishan tomonidan suratga olingan “Warboy” filmi va rejissyor Anna-Mariya Komeneskuning “Xoriya” filmi namoyish etildi.

Tadbirning ochilish marosimida rasmiy vakillar, jamoat arboblari, yoshlar va talabalar ishtirok etdi. Marosimni O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi xodimi Aleksandr Pinsov olib bordi.

Yig‘inda so‘z olgan Ruminiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu o‘z fikrlarini bildirdi. 

– Bu yil juda muvaffaqiyatli bo‘ldi, -dedi u. – Biz ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligini turli tadbirlar bilan nishonladik: tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida tabrik maktublari almashildi, men Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ma’ruza qildim, O‘zbekiston Badiiy akademiyasida tasviriy san’at va installyatsiyalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi, endi mana Ruminiya kino kunlarini ham o‘tkazyapmiz. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, aloqalarimiz yildan-yilga mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev ham o‘z chiqishida Ruminiya kinosiga o‘lkamizda bo‘lgan katta qiziqishni alohida ta’kidladi. U kelajakda ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligini qayd etdi.

Anjuman so‘ngida Ruminiya elchisiga o‘zbek kinematografiyasining 100 yilligi munosabati bilan esdalik sovg‘asi topshirildi. Bir so‘z bilan aytganda, “Ruminiya kino kunlari” mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yorqin namunasi sifatida barchaning yodida qoldi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA