2025 yil 20 dekabr kuni Toshkent shahrida ijtimoiy sohada davlat investitsiyalarini boshqarish bo‘yicha Geoportal (geoasr.uz) ma’lumotlari asosida aholiga yo‘naltirilgan raqamli yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan Milliy hakatonning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etilgan tadbir fuqarolarga ijtimoiy infratuzilma sifati va davlat investitsiyalarining samaradorligini monitoring qilishda ishtirok etish imkonini beruvchi raqamli vositalarni yaratishga qaratilgan.

Hakatonning asosiy maqsadi maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari, yo‘llar va davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan boshqa ijtimoiy ob’ektlar bo‘yicha aholidan kelib tushadigan fikr-mulohazalarni tizimli ravishda yig‘ish va tahlil qilishni ta’minlovchi raqamli ilovalar va modullar prototiplarini ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir doirasida ishtirokchilar fuqarolardan uzluksiz fikr-mulohaza olishni ta’minlash, ob’ektlar bo‘yicha baholar va fikrlarni xarita orqali vizualizatsiya qilish, davlat investitsiyalarining shaffofligi va hisobdorligini oshirish, davlat boshqaruvi organlari uchun tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish kabi vazifalarni qamrab olgan yechimlar ustida ish olib bormoqda.

Hakaton ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich — «Ideyaton» doirasida ishtirokchilar Geoportal ma’lumotlaridan foydalangan holda raqamli yechimlar g‘oyalari va konsepsiyalarini ishlab chiqadi.
Saralash natijalariga ko‘ra, eng yaxshi g‘oyalar ikkinchi bosqich — Hakatonga o‘tadi. Bu yerda jamoalar mentorlar ko‘magida funksional prototiplar yaratadi.
Hakaton yakunida fuqarolar uchun mobil ilovalar, Geoportalda fikr-mulohazalarni vizualizatsiya qilish modullari, sohaviy vazirlik va idoralar uchun tahliliy dashbordlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Loyihalar ekspertlar hay’ati tomonidan amaliy qo‘llanish imkoniyati, texnologik jihatdan amalga oshirilishi va milliy miqyosda joriy etish salohiyati nuqtai nazaridan baholanadi.
Tadbir yoshlarning GovTech, geoaxborot tizimlari va ma’lumotlar tahlili sohalaridagi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, eng yaxshi yechimlar davlat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini ta’minlovchi yangi raqamli mexanizmlarni joriy etish uchun asos sifatida qo‘llanilishi mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA