Bir yarim yildan keyin poytaxtimiz yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi.
Yangi O‘zbekistonning sport infratuzilmasini yaratish borasida keyingi yillarda misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish uchun “Olimpiya shaharchasi” bunyod etilmoqda.
Ayni kunlarda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu shaharchani barpo etish borasida qizg‘in ishlar olib borilmoqda.
Kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi, oliy sport mahorat maktablari, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida “Toshkent-2025” yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari uchun qurilayotgan ob’ektlar va ulardan kelajakda samarali foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov 100 gektar maydonda qurilayotgan “Olimpiya shaharchasi”ning qurilish jarayoni, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, uning imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar markaziga aylantirish borasida Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Mutaxassislar ushbu shaharcha zamonaviy sport disneylendiga aylantirilishi ko‘zda tutilayotgani, u o‘zbek sportining rivojini yangi bosqichga olib chiqishda yagona klaster bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokamalar jarayonida “Olimpiya shaharchasi”ga joylashadigan jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, mahorat maktablari va sport federatsiyalarining joy taqsimoti, terma jamoalar uchun ajratiladigan mashg‘ulot zallaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida mutasaddilar qurilish ob’ektlaridagi ishlar bilan tanishish asnosida mas’ullar bilan jarayonni reja asosida ko‘zdan kechirish masalasida kelishib oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA