Toshkentda qor sabab jamoat transporti harakatida kechikishlar kuzatilishi mumkin – «Toshshahartransxizmat» AJ
Toshkent shahrida noqulay ob-havo sharoiti, xususan, qor yog‘ishi sabab ayrim jamoat transporti yo‘nalishlarida harakat jadvalidan chetga chiqish va qatnov oraliqlarining uzayishi ehtimoli mavjud. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayrim avtobus yo‘nalishlarida ko‘cha-yo‘l tarmog‘idagi murakkab harakat sharoiti tufayli transport vositalarining belgilangan jadval asosida harakatlanishi qiyinlashgan.
Shu munosabat bilan kompaniya yengil avtomobil haydovchilarini yo‘l sharoitini inobatga olishga, o‘ta zaruratsiz hollarda shaxsiy transportdan, ayniqsa, qishki shinalar bilan jihozlanmagan avtomobillardan foydalanmaslikka chaqirdi. Shuningdek, barcha haydovchilarga tezlik rejimiga qat’iy amal qilish so‘raldi.
Piyodalarga esa yo‘ldan o‘tishda ehtiyotkor bo‘lish, tirbandliklarni kamaytirish maqsadida shahar aholisiga imkoniyatdan kelib chiqib jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA