Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda qizamiqqa qarshi ommaviy emlash boshlandi (+video)
09:43 / 2026-02-13

Yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinatsiya eng samarali va ishonchli usul hisoblanadi. Shu bois joriy yilning 2–14-fevral kunlari Toshkent shahrida “Qizamiqqa qarshi ommaviy emlash — Immunizatsiya haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi — aholi, ayniqsa bolalar orasida umumjamoa immunitetini shakllantirish va kasallik tarqalishining oldini olishdan iborat.

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Vazira Mutalovaga ko‘ra, vaksina inson organizmida immunitet hosil qilib, og‘ir asoratlar va o‘lim xavfini keskin kamaytiradi. Emlash orqali nafaqat bolalar, balki keksalar va homilador ayollar kabi himoyaga muhtoj qatlamlar ham muhofaza qilinadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, agar vaksinalar bo‘lmaganda, oddiy infeksiyalar ham og‘ir shaklga o‘tib, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj holatlarni keltirib chiqarar edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, emlash xavfli kasalliklarning oldini olishda iqtisodiy jihatdan eng samarali usul hisoblanadi. Poliomiyelit, qizamiq, ko‘k yo‘tal, bo‘g‘ma va boshqa yuqumli kasalliklar aynan emlash orqali nazorat qilinadi.

Vazira Mutalovaga ko‘ra, qizamiqni emlash orqali 100 foiz oldini olish mumkin. Biroq vaksina qamrovi pasaysa, virus juda tez tarqaladi. Kasallikni to‘liq jilovlash uchun emlash darajasi kamida 95 foizni tashkil etishi zarur.

“Immunizatsiya haftaligi” doirasida barcha oilaviy poliklinikalarda emlash ishlari tashkil etildi. Sanepidqo‘mita tomonidan zaxiradagi qizamiq vaksinasi ehtiyojga ko‘ra taqsimlanib, emlash punktlariga yetkazildi.

Haftalik davomida:

• 6 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar;

• 1 yoshdan 7 yoshgacha emlanmagan yoki faqat bir marta emlangan bolalar;

• 30 yoshgacha bo‘lgan kattalar emlanmoqda.

Har bir bola emlashdan oldin shifokor ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Tibbiy cheklov berilgan bolalar ro‘yxati tuzilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda va sog‘aygandan so‘ng emlash tavsiya etilmoqda. Emlash xonalari va harakatdagi brigadalar bir martalik shprits va zarur dori vositalari bilan ta’minlangan. Emlashdan keyin bolalar uch kun davomida patronaj kuzatuviga olinmoqda.

Ta’kidlash joiz, kasallik oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra

uning oldini olish ancha samaralidir. “Immunizatsiya haftaligi” — bu aholiga emlashning ahamiyatini yana bir bor eslatish, bolalarni xavfli infeksiyalardan himoya qilishga qaratilgan muhim profilaktik tadbirdir. Vaqtida qilingan emlash nafaqat bolalar, balki butun jamiyat salomatligini muhofaza qiladi.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BwAfAJ-dM9k" title="Toshkentda qizamiqqa qarshi ommaviy emlash boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, O‘zA