FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida 11 mamlakatdan 200 nafardan ortiq sportchi bahs olib boryapti.
Kecha qizlar shpaga, o‘g‘il bolalar esa sablya yo‘nalishida yakkalik bahslarini o‘tkazdi. Shuningdek, qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan rapira (jamoaviy) bellashuvlari ham ko‘pchilikning diqqat e’tiborida bo‘ldi.
Sabina Adashaliyeva, Muslima Husanova, Aneliya Kildeyeva, Shabnam Normamatovalar jamoaviy bahslar (rapira)da g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Qozog‘iston, Xitoy hamda Tojikiston terma jamoalariga nasib etdi.
Shpaga yo‘nalishining yakkalik bahslarida Sanam Nazarova (O‘zbekiston)ga teng keladigan sportchi topilmadi. 2-o‘ringa o‘monlik Salma Aldikaishi loyiq ko‘rildi. Ozoda Usmonjonova (O‘zbekiston) va Dana Samodelkina (Qozog‘iston) 3-o‘rin bilan kifoyalanishdi.
[gallery-25263]
Sablya yo‘nalishida ham g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Saidibrohim Alimov (O‘zbekiston) 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2-o‘rin Aibar Kayim (Qozog‘iston)ga nasib etdi. Hamyurtlarimiz Sultonbek Ametbekov hamda Azimjon Shokirovlar 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Musobaqalar 13 sentyabrga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA