English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Qatar madaniyati haftaligi davom etyapti (+video)
21:06 / 2024-10-14

Poytaxtimizda “Qatar madaniyati, hunarmandligi va milliy taomlari haftaligi” davom etmoqda.

– Mazkur anjuman davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning yuqori darajasidan darak berib, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz, – deydi mehmon san’atkor Mansur Al-Muhannadiy. – Masalan, mamlakat filarmoniyasi orkestri ijro etgan ko‘rfazdagi eng mashhur dengiz san’ati turlaridan biri – “Adsani” ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuv ko‘prigini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Tashkent City Park” majmuasida ochilgan ko‘rgazmada namoyish etilayotgan Qatar mahsulotlarining rang-barangligi, milliyligi va yuqori sifati tomoshabinlar qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eu082CD-dR4" title="Toshkentda Qatar madaniyati haftaligi davom etyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

– O‘zbekiston va Qatar Madaniyat vazirliklari tomonidan tashkil etilgan turli tadbirlarga har ikki tomon jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi, – deydi xorijiy delegatsiya vakili, Musiqa masalalari markazi matbuot kotibi Abdulaziz Solih. – E’tiborlisi, Qatarning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi va ikki davlat o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kuchaytiruvchi musiqiy dastur o‘zbek xalqiga manzur bo‘ldi.

UNESCO auditoriyasini kema yasash usuli va ushbu hunarning Qatar an’anaviy merosidagi muhim o‘rni bilan tanishtirish maqsadida qadimiy kemalar maketini tayyorlash bilan shug‘ullanadigan konstruktor Ahmad Jasim As-Soig‘ taqdim etgan mahsulotlar ham ko‘pchilikning diqqatini tortyapti.

– Bizning ko‘rgazmadagi ishtirokimiz mahalliy jamoatchilikni turli xil kemalar ishlab chiqarish siridan voqif etadi, – deydi ushbu mutaxassis. – Zero, milliy hunarmandligimiz an’analari minglab yillar davomida dengiz bilan chambarchas bog‘langan. Mazkur san’at marvarid izlash uchun suvga sho‘ng‘iydigan baliqchi, g‘avvoslar turmush tarzini ifodalaydi. Ana shu bog‘liqlik samarasi o‘laroq, ijodkorlar – yozuvchi, rassom va rejissyorlar qadim merosdan ilhomlanib, buyuk asarlar yaratadilar.

Muharrama Pirmatova, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA