Bugun Toshkentda Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) Ichki audit hamjamiyatining navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu yalpi majlisda mahalliy va xorijlik ishtirokchilar “Davlat ichki moliyaviy nazoratining davlat sektoridagi islohotlar bilan o‘zaro bog‘liqligi va ularni muvofiqlashtirish” mavzusida fikr almashdi. Unda xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari, shuningdek, mamlakatimizda ichki audit sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosi va natijalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov mamlakatimizda davlat ichki audit tizimi islohoti doirasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
–Mazkur yalpi majlisning O‘zbekistonda o‘tkazilishi yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu davlat moliyaviy nazorati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralarini muhokama qilish orqali kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish hamda xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning ekspertlari, amaliyotchilari bilan o‘zaro fikr va tajriba almashishda yanada ahamiyatlidir, –dedi A.Haydarov.
Shuningdek, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Ichki audit hamjamiyatining ijro qo‘mitasi raisi Tatyana Traykovska Yevropa mintaqasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha halqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) hamda Ichki audit hamjamiyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlarni ta’kidlab o‘tdi.
Ular qayd etganidek, PEMPAL ta’lim dasturi 2006 yilda Jahon banki tomonidan tashkil etilgan. Mazkur dastur Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqasidagi 23 ta mamlakatning Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish, qiyosiy tahlil qilish va ta’lim seminarlari o‘tkazish orqali mahalliy mutaxassislarning bilim-ko‘nikmalarini oshirishga keng yo‘l ochib beradi.
Tadbirning birinchi kunida davlat ichki auditi va davlat boshqaruvi hamda davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarning o‘zaro ta’siri va muvofiqlashtirish bo‘yicha taqdimotlar tashkil etildi hamda bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili hamda guruhlar muhokamasi o‘tkazildi. Shuningdek, Jahon miqyosida hamda PEMPAL Ichki audit hamjamiyatiga a’zo mamlakatlarda ichki audit va ichki nazorat sohasida so‘nggi yangiliklar ham taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, PEMPAL Ichki audit hamjamiyatining yalpi majlisi 19 oktyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA