Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda oziq-ovqat tizimlari barqarorligiga bag‘ishlangan muloqotlarning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi
17:07 / 2021-07-01

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Bosh kotib Antonio Guterrish tashabbusi ostidagi BMTning oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha xalqaro sammiti arafasida ko‘makni safarbar qilish va tahdidlarga javob qaytarish uchun bir qator milliy va submilliy muloqotlar o‘tkazdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi BMT Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida to‘rtta asosiy muloqotlarning milliy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini o‘tamoqda. Birinchi muloqot shu yil 26 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan edi. Navbatdagi ikkita submilliy muloqot 9 iyun kuni Nukusda va 17 iyun kuni Namanganda bo‘lib o‘tdi. To‘rtinchi yakuniy tadbir 29 iyun kuni Toshkent shahrida o‘tkazildi.

O‘zbekistondagi milliy va submilliy muloqotlar doirasida barcha uchun xavfsiz va ozuqaviy mahsulotlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashning beshta asosiy global tematik sohalari – iste’molning oqilona modellariga o‘tish, tabiiy resurslar unumdorligini oshirish, yashash uchun teng sharoitlarni ilgari surish, zaiflik va tahdidlarga qarshi barqarorlikni oshirish singari mavzularga alohida e’tibor qaratildi.  

Yakuniy muloqotda BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer shunday dedi: "Milliy va mahalliy darajada oziq-ovqat tizimlarining o‘zgarishi milliy va global darajada barqaror rivojlanish sari yo‘nalishni o‘zgartirish va taraqqiyotga erishish imkonini beradi. Oziq-ovqat tizimlari barqarorligi bo‘yicha muloqotlar barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtiroki uchun platformaga aylandi. Jumladan, sog‘liqni saqlash, to‘g‘ri ovqatlanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, bioxilma-xillikni asrash hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va iste’mol qilishda ifloslanishni kamaytirish singari masalalarni integratsiya qilishga yordam berdi”.

Muloqotning yakuniy bosqichi keyingi o‘n yil davomidagi barqaror milliy oziq-ovqat tizimlari sari yo‘lni aniqlagan holda, mamlakat darajasida majburiyatlar va harakatlarni belgilab berdi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek, "mamlakatda ko‘p tomonlama muloqot jarayoni joriy yilning sentyabr oyida o‘tkaziladigan oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha global sammitdan keyin ham davom etadi". Ushbu tadbirlarning natijalari kelgusi oylar va yillarda milliy oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish yo‘lida asos bo‘lib xizmat qiladi.

BMT Taraqqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ta’kidlaganidek, "muloqotlar manfaatdor tomonlarning oziq-ovqat tizimlaridagi o‘z rolini ko‘rib chiqishga jalb etish hamda zanjirning barcha "xalqalari" bir-biri bilan qanchalik bog‘liq ekanini, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun islohotlar atrofida qanday birlasha olishlarini taqqoslash imkoniyatini berdi".

Qishloq xo‘jaligi sektorining keng doirasi, shu jumladan, ekinlar, baliq va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchilar muloqotga o‘z hissalarini qo‘shdi. Hukumat vakillaridan tashqari muloqotlarda olimlar va moliya sektori, oziq-ovqat sanoati xodimlari ishtirok etdi. Bu ishtirokchilar hunarmand va tadbirkorlar, shuningdek, donorlar hamjamiyati bilan bir qatorda, oziq-ovqat tizimlari muammolarni keyin ham muhokama qilish, sohaga turli sektorlar nuqtai nazaridan tizimli yondashuvni o‘rganish majburiyatini o‘z zimmalariga oldi.

Yakuniy muloqotda O‘zbekistondagi xalqaro donor tashkilotlar, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi (YeI), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) mamlakatda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

USAID xavfsiz, yuqori sifatli va ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning narxini barqarorlashtirishda fermerlar va agrobiznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi texnologiyalarga investitsiyalarni ham moliyalashtirishga tayyor va biznesni boshqarishning innovatsion usullarini joriy qiladi.

JICA, o‘z navbatida, Orolbo‘yi hududida suvdan foydalanish samaradorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini monitoring qilish uchun innovatsion iqlimga moslashuvchan texnologiyalarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlik bo‘limi boshlig‘i janob Fransua Bejoning aytishicha, "Yevropa Ittifoqi avvalgidek iqlim o‘zgarishiga chidamli bo‘lgan ekologik toza va barqaror qishloq xo‘jaligi sektori borasidagi hukumat islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga intiladi".

Ma’lumot uchun: BMTning 2021 yilgacha mo‘ljallangan oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammitini o‘tkazish g‘oyasi 2030 yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi harakatlar o‘n yilligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, jahonda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, iste’mol qilish usullarini transformatsiya qilish maqsadini ko‘zlaydi. Ushbu jarayon global va milliy darajada quyidagi to‘rtta natijaga erishishga qaratilgan:  

• 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Kun tartibi yo‘nalishi bo‘yicha ahamiyatga molik harakatlar va o‘lchanadigan taraqqiyotni ta’minlash;

• xabardorlikni oshirish va jamoatchilik muhokamasiga tashabbuskorlik qilish;

• o‘z oziq-ovqat tizimlaridan Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalanishga intilayotgan hukumatlar va boshqa manfaatdor tomonlar foydalanadigan tamoyillarni ishlab chiqish;

• Sammit natijalari kelgusi taraqqiyotga turtki bo‘lishda davom etishi uchun keyingi harakatlar va tahlillar tizimini yaratish.

bugungi kunda 126 dan ziyod a’zo davlatlar milliy muloqotlarni o‘tkazmoqda. Ushbu tadbirlar barqaror oziq-ovqat tizimlari milliy strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha oliy darajadagi Uchrashuvning asosiy qismidir.