English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda oziq-ovqat mahsulotlari bozori istiqboli namoyish etildi
11:48 / 2024-03-30

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood-2024” 23-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur an’anaviy ko‘rgazma ko‘lami yil sayin yangi kompaniyalarni jalb etish hisobiga kengayib bormoqda. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda bu boradagi o‘sish 35 foizni tashkil etdi. Mahsulotlari mahalliy bozorda tanilishga ulgurgan doimiy ishtirokchilar endilikda ko‘rgazma faxriga aylanishgan. Italiyaning sabzavot va mevani qayta ishlashga ixtisoslashgan “Fenco Food” kompaniyasi shulardan biri.

– Korxonamizga 1984-yil asos solingan bo‘lib, mana 40-yildirki, oziq-ovqat sanoati, xususan mevali, sabzavotli pyure va boshqa aralashmalar tayyorlaydigan uskunalar ishlab chiqaramiz, – deydi kompaniya tijorat direktori Arina Igush. – Rivojlanish jarayonida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirib borib, sous, bolalar ozuqasi, yogurt uchun aralashma chiqarish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni ishga tushirdik. Uskunalarimizning asosiy raqobatbardosh ustunligi – energiya samaradorligi. Bu butun dunyoda atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor qaratilayotgan bugungi kunda, ayniqsa, muhim. Shunga muvofiq, bug‘, suv istemolini kamaytirish, energiya tejaydigan tizimdan foydalanishni asosiy vazifa sifatida belgilab olganmiz. O‘zbekiston bilan 2001-yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Mamlakatingizda kompaniyamizning 16 ta ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Biz respublikangiz bilan yaqin hamkorlikni chuqurlashtirish istagidamiz. Negaki, bu yurtda ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz.

E’tiborlisi, bu yil “UzFood” ko‘rgazmasi har tomonlama eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Masalan, bu gal Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Vetnam, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreya, Litva, Niderlandiya, BAA, Pokiston, Rossiya, Singapur, AQSH, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston, Fransiya, Shri-Lanka kabi 26 mamlakatdan 370 dan ziyod korxona ishtirok etmoqda.

Belarus Respublikasi milliy stendi an’anaviy ravishda sut, meva va sabzavot mahsulotlari keng assortimenti bilan ko‘plab tashrif buyuruvchilar e’tiborini tortmoqda. O‘zbekiston bozoriga chiqarilgan barcha mahsulotlar “Halol” sertifikatiga ega bo‘lib, xalqaro standartga to‘liq mos keladi.

Ta’kidlash joiz, ko‘rgazma doirasida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilar va sotib oluvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib borishdi. “Uzum Market”, “Wildberries”, “Sello” kabi marketpleyslar ilk bor ishtirok etayotgan tadbirda ishlab chiqaruvchi va riteylar o‘rtasida 1000 ga yaqin samarali uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Aziza Alimova, O‘zA