Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda O‘zbekiston va Vengriya rektorlar forumi bo‘lib o‘tmoqda
17:47 / 2021-06-21

Vengriya bilan O‘zbekistonni qadimdan ko‘plab rishtalar bog‘lab turadi. Herman Vamberining o‘lkamizga tashrifi va ko‘plab mumtoz asarlar, folklor namunalarini xorijda chop etilishi uning sa’y harakati bilan bog‘liqligi ma’lum.

Endilikda ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalarda, jumladan oliy ta’lim yo‘nalishida hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi, Barqaror rivojlanishda mushtarak istaklarni amalga oshiruvchi maydon qayta paydo bo‘lgani O‘zbekiston bilan Vengriya munosabatlari har sohada katta istiqbolga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

2021 yil 21-23 iyun kunlari O‘zbekiston – Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlari birinchi forumining tashkil etilishi ham yuqoridagi fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi.  

Tadbir 16 iyun kuni muhtaram Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan, oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan, oliy ta’limni isloh qilish yo‘lida o‘tkazilgan videoselektorda ko‘tarilgan masalalarga hamohang tarzda bo‘lib o‘tmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari barcha kuch va resurslar ta’limdagi to‘rtta ustuvor vazifaga qaratilganini ta’kidlagan edi. Mazkur forum ham ta’lim tizimining xuddi shu muammolarini hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni belgilab olishga qaratilgan.  

Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligining Diplomatik akademiya va “Stipendium Hungaricum”   dasturi bo‘yicha davlat kotibi Doktor Orsholya Pachay-Tomasich boshchiligidagi Vengriya rektorlari konferensiyasi delegatsiyasining mazkur tashrifi mamlakatlarimiz OTMlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan e’tiborga loyiq.

Forum doirasida O‘zbekiston va Vengriya OTMlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzolash, ular o‘rtasida ta’lim, ilmiy va innovatsion hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish va kelishuvlarga erishish kabi muhim masalalar muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Forumda Vengriyadagi yigirmadan ortiq hamda O‘zbekistonning 50 ga yaqin OTM rahbarlari ishtirok etmoqda.  

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi, TIQXMMI rektori O‘ktam Umurzaqov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligining Vengriya diplomatiya akademiyasi va “StipendiumHungaricum” ta’lim dasturi masalalari bo‘yicha davlat kotibi Orsoyo Patsai-Tomashichlar ochdi.  

Forum qatnashchilari  “Vengriyada oliy ta’lim: tizim faoliyati, o‘ziga xosliklari, yutuqlar va muammolar. Oliy ta’lim sohasidagi Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari”, “O‘zbekistonda oliy ta’limni rivojlantirishning  ustuvor yo‘nalishlari. Islohotlar natijalari, muammo va istiqbol”, “O‘zbekiston – Vengriya OTMlarining ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari” mavzularida ma’ruzalarni tingladi.

Tadbir doirasida Vengriya va O‘zbekistonning 8 ta OTMlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.  

Shu kuni  Oliy ta’limda kredit-modul tizimi; afzallik va murakkabliklar,  Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlashning samarali tizimi, Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, Talabalar almashinuvi, o‘zaro stajirovkalar, grantlar ajratish va xalqaro hamkorlikning boshqa imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etildi. Tomonlar mazkur masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlab, bu borada aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib olishdi.

Forum ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

 

S.Rahimov, O‘zA