Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashdi.
Anjuman avvalida dasturga muvofiq, delegatsiya a’zolari yurtimiz ma’sul vakillari hamrohligida Toshkent viloyatidagi zamonaviy to‘qimachilik klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan memorandum imzolandi.

Shundan so‘ng Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida “O‘zbekipaksanoat” va “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmalari mas’ul xodimlari ishtirokida amaliy muloqot o‘tkazildi.
Suhbat chog‘ida mehmonlar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasidagi “Showroom”ni ko‘zdan kechirishdi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar, tut plantatsiyasi yaratilishi, ipak qurti seleksiyasi, pillachilikni mexanizatsiyalash, sun’iy ozuqa yaratish, ipak qurti genetikasi hamda ipakchilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolariga o‘zbek ipakchiligining tarixi va bugungi kuni haqida so‘zlab berildi, istiqboldagi rejalar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, o‘tgan 4-5 yillik davr mobaynida ushbu sohaga doir o‘nlab qaror va farmonlar qabul qilinib, amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgani alohida qayd etildi. Tadbir davomida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Ozarbayjon Iqtisodiy hududlarni rivojlantirish agentligi o‘rtasida memorandum imzoladi.

Kunning asosiy voqeasi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 11-majlisi bo‘ldi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlari huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan Ozarbayjon kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish agentligi (KOBIA) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumga imzo chekildi.

– Ikki mamlakat sanoat, energetika, sarmoya, kichik va o‘rta biznes, savdo, transport-tranzit va boshqa sohalarda aloqani mustahkamlash uchun keng imkoniyatga ega, – dedi Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov. — bugungi muloqotda biz iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish, o‘zaro sarmoya, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, shuningdek, sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini muhokama qildik.
Yuqorida imzolangan hujjat tadbirkorlarning huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish sohasidagi hamkorlik doirasida kelishgan holda harakat qilishni nazarda tutadi.
Muloqot davomida mehmonlar Ozarbayjonda qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti mavjudligini alohida ta’kidlab, hamyurtlarimizni ushbu imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.
U.Mahmirzayev,
O‘zA