Joriy yilning 10-17 may kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston va Germaniya turizm sohasi vakillari uchun xalqaro “Destination Forum” bo‘lib o‘tadi.
Tadbir tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, mamlakatimizga Germaniyadan 80 nafar turoperator tashrif buyuradi. Ular O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishadi, mamlakatimizning nemis sayyohlari uchun jozibadorligini baholaydi, yetakchi mahalliy turoperatorlar vakillari bilan uchrashadi.
Germaniyadan tashrif buyurgan mehmonlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahrida joylashgan diqqatga sazovor joylar, madaniy me’ros ob’ektlari, turistik qishloqlar, shuningdek, mamlakatimizning yaqinda tashkil etilgan turistik ob’ektlari bo‘ylab maxsus infoturlar ishlab chiqildi.
Infoturlar yakunlariga ko‘ra, 16 may kuni Germaniya va O‘zbekistonning turizm yo‘nalishidagi tadbirkorlari ishtirokida “Destination Forum” va B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etiladi, Germaniyaning yirik sayyohlik agentliklari va turoperatorlari uchun taqdimotlar o‘tkaziladi.
Germaniya turizm assotsiatsiyasi (Deutscher Reiseverband e.V. - DRV) tadbir tashkilotchilaridan biridir. U Germaniyadagi turizm korxonalarini qamrab oladi. Mamlakat turizm bozori umumiy daromadining qariyb 90 foizi ushbu korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA