Toshkent shahrida O‘zbekiston va O‘mon tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasi o‘tkazildi.
Delegatsiyalarga mamlakatimiz TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev va hamkor tomon tashqi siyosat idorasi yetakchisining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy rahbarlik qildi.
Muzokarada o‘zaro munosabatning joriy holati va rivojlanish istiqboli atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, parlamentlararo aloqani, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklik ko‘lamini kengaytirishga tayyorliklarini tasdiqladilar. Tashqi savdoni kuchaytirish va diversifikatsiya qilish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldilar.
Shuningdek, madaniy-gumanitar, ya’ni ta’lim, ilmiy-tadqiqot va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalasi ham ko‘tarildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga doir ayrim masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Maslahatlashuv yakunida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.
M.Pirmatova, O‘zA