Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi (+video)
03:35 / 2024-06-25

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning yurtimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki davlat vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda 150 dan ziyod yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ikki yurt o‘rtasida chuqur tarixiy do‘stona rishtalar mavjudligi, davlatlar rahbarlari tomonidan ko‘p qirrali munosabatni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash bo‘yicha ortga qaytmas tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi vazir. – Sohada mavjud barcha to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirishga ahamiyat berilyapti.

Forum davomida o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish maqsadida tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tibbiyot, farmatsevtika, oziq-ovqat, bank sektorini rivojlantirish kabi qator istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.

2023 yil Mo‘g‘uliston yalpi ichki mahsuloti 18,5 milliard dollarni tashkil etdi, mamlakat iqtisodiyoti 7 foizga yaqin o‘sish darajasini ko‘rsatdi. Tashqi savdo aylanmasi 24,4 milliard dollarga yetgan. Mo‘g‘uliston oltin, kumush, temir, ko‘mir, mis, molibden, volfram, qalay, nikel, rux kabi tabiiy resurslarga boy.

Muloqot chog‘ida chorvachilik va qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish, eksportga tayyor mahsulot chiqarish istiqbolli ekani ta’kidlandi. Qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va Mo‘g‘uliston kompaniyalari O‘zbekistonda qulay faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoit yaratishga tayyorlik bildirildi.

O‘z navbatida Mo‘g‘uliston Milliy Savdo-sanoat palatasi prezidenti Dashseren Enxtuvshin ikki mamlakat o‘rtasida savdo-sotiq, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatini yuqori baholab, tadbirkorlarni o‘zaro hamkorlikni faol oshirish va bu borada eng murakkab qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha ham dadil harakat qilishga chaqirdi.

Biznes-forum dasturiga muvofiq, sog‘liqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

<iframe width="971" height="546" src="https://www.youtube.com/embed/sCMaJH_nGXQ" title="Toshkentda Oʻzbekiston – Moʻgʻuliston biznes-forumi boʻlib oʻtdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

B2B va G2B formatlarida o‘tkazilgan muzokaralarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari yangi aloqa o‘rnatish, yangi qo‘shma tashabbuslarning amaliy jihatlarini va ko‘zlangan rejalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Behruz XUDOYBERDIEV,

Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA