Toshkentda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda Gruziya Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Vazirlik va idoralar, ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirok etgan uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etishlaricha, hukumatlararo muloqot doirasida tovar ayirboshlash miqdori o‘sishining ijobiy tendensiyasi qayd etilgan. Oxirgi olti yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshgan. Tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash miqdorini besh yuz million dollarga yetkazishga kelishib oldi. Ikki hafta muddatda o‘zaro savdo missiyalarini, shuningdek, davlat sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini tashkil etish chora-tadbirlarini qamrab olgan 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan reja ishlab chiqish, tasdiqlash taklif etildi.

Gruziya va O‘zbekiston hududlarini qo‘shma loyiha, tashabbuslarga jalb etib, hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birinchi bosqichda Samarqand va Batumi, shuningdek, Buxoro va Msxeta o‘rtasida ikki tomonlama sheriklik aloqasini o‘rnatishga qaror qilindi.
Yig‘ilish chog‘ida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Boku – Tbilisi – Kars transport yo‘lagi va Gruziyaning rivojlangan Qora dengiz porti infratuzilmasidan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yakunda ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, yig‘ilish bayonnomasi, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Gruziya hukumati o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, shuningdek, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilishi doirasida Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokarani yakunlash to‘g‘risidagi Bayonnoma imzolandi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA