Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda O‘zbekiston – Finlyandiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
16:53 / 2025-10-31

BugunToshkentda mamlakatimiz Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Finlyandiya Sharq savdo palatasi (EastCham Finland) hamkorligida O‘zbekiston – Finlyandiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, tegishli vazirlik, idoralar rahbarlari, shuningdek ikki mamlakatning 100 dan ziyod kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsion va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilish uchun muhim platformaga aylangan anjuman davomida tomonlar o‘zaro savdo hajmi sezilarli o‘sganini qayd etdilar. So‘nggi yetti yil ichida tovar ayirboshlash miqdori besh barobardan ko‘p oshgan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlikto‘g‘risidagi bitim imzolanishi O‘zbekiston– Finlyandiya hamkorligini YeI hududida rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi ta’kidlandi.

[gallery-26024]

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida yurtimizda amalga oshirilayotgan investorlar uchun qulay sharoit yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar xususida batafsil ma’lumot berdi. Ayniqsa, noyob minerallar, “yashil” energetika, raqamlashtirish, sanoat qurilishi va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Forum yakunida hamkorlikning keng yo‘nalishlarini qamrab olgan 14 ta hujjat imzolandi. Ushbu kelishuvlar qishloq xo‘jaligi va agrosanoat majmuasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, konchilik va geologiya, ekologiya va chiqindini boshqarish, suv resurslari, energetika, farmatsevtika, qurilish, turizm va innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohalarini qamrab olgan. Imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash hamda o‘zaro aloqalar barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan qo‘shma investitsion va innovatsion loyihalar amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA