Joriy yilning 26-27 avgust kunlari poytaxtimizda ikkinchi O‘zbekiston – Belarus ayollari biznes-forumi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Biznes-forumini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirga tayyorgarlik ko‘rish, mazkur forumni yuqori saviyada tashkil etish va yangi hamkorlik shartnomalariga ega bo‘lish, jarayonlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar hamda belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur biznes-forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining biznes va iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, yangi hamkorlik imkoniyatlarini izlash va mavjudlarini kengaytirish, tajriba almashish, ikki mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xotin-qizlarni keng jalb qilishdir.
Biznes-forumda yetti seksiya, ya’ni xizmatlar sohasi, elektr texnik sanoati, kimyo sanoati, yengil sanoat, qishloq va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, elektr energetika va «yashil» energetika yo‘nalishlari bo‘yicha majlislar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Seksiya majlislari va ko‘rgazma o‘tkaziladigan joylarda ikki mamlakat tadbirkor ayollari va davlat organlari o‘rtasida «B2B» va «G2B» formatidagi uchrashuvlar, shuningdek, tijorat shartnomalari, bitimlar va hamkorlik memorandumlari tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishish nazarda tutilgan.
N.Abduraimova, O‘zA