Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
20:45 / 2024-04-25

Eksport faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subektlarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy eksportchilar mahsulotini jahon bozoriga olib chiqish maqsadida Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Toshkentda “O‘zbekiston – Afg‘oniston” biznes forumi tashkil etildi.

Tadbirda tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek 200 ga yaqin ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston do‘stona munosabatni rivojlantirishga intilmoqda. Xususan, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika sohalarida yangi loyihalar amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surilyapti.

– Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Umidbek Safarov. – Mavjud imkoniyatdan afg‘on tadbirkorlari ham samarali foydalanmoqda. Ayni payt yurtimizda mingdan ziyod afg‘onistonlik tadbirkor faoliyat olib boryapti. Mamnuniyat bilan aytamanki, O‘zbekistonda Afg‘oniston sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni muttasil oshmoqda. Bugungi kunda 835 ta shunday korxonaning 603 tasi to‘liq afg‘on kapitali asosida ish olib boradi.

Sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash masalasi tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.

So‘zim avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan muntazam ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman,  deydi Afg‘oniston Savdo-investitsiya palatasi raisi o‘rinbosari Al-Hoji Xayriddin. – Hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama etilayotgan ushbu forum ikki mamlakat tadbirkorlarini o‘zaro jalb qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini yaratadi, degan umiddaman. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratgan holda, sarmoyaviy sheriklikni kuchaytirishga qaratilgan faoliyatni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bu jarayonda yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal, dori-darmon va oziq-ovqat sanoati eng istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi.

[gallery-17106]

Forum doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulaylik, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, soliq va bojxona imtiyozi haqida ma’lumot berildi.

So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar rivojlanib borayotgani, turli yo‘nalishlardagi hamkorlik, yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik mustahkamlanayotgani qayd etildi.

Anjuman doirasida ikki davlat tadbirkorlari B2B formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etdi.

2023-yil Afg‘oniston bilan savdo miqdori 866,9 million dollarni tashkil etgan. Eksport 856,6 million dollardan, import esa 10,3 million dollardan oshgan. Afg‘oniston mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlari o‘nligiga kiradi.

Forum arafasida O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazmasi tashkil etilib, SSP raisi Davron Vahobov boshchiligida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdim etildi. 120 dan ortiq turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tovar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek hunarmandlar mahsulotlari ham namoyish etildi.

Qo‘shni Afg‘oniston ulkan iste’mol bozoriga ega. Ma’lumki, ikki qo‘shni davlat bozori bir-biri uchun istiqbolli hisoblanadi. Shu bois o‘zaro iqtisodiy, savdo aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Afg‘oniston aholisi 34,9 million kishini tashkil etadi. O‘zbekiston mahsulotlari ushbu qo‘shni mamlakat uchun boshqa mamlakatlardan importga nisbatan ancha arzon. Shunday ustunlik nuqtayi nazaridan, ko‘rgazma tadbirkorlarimiz uchun bu bozorni egallash, istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.

Yurtimizning eng faol tadbirkorlari va talabgor davlatlar ishbilarmonlarini bir iqtisodiy maydonda jamlagan mazkur tadbirlar respublikamiz eksport salohiyatini bir necha barobar oshirishi kutilmoqda.

Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA