Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Ozarbayjon mustaqilligining 107 yilligi nishonlandi
12:28 / 2025-05-30

Poytaxtimizdagi “Radisson Blu” mehmonxonasida Ozarbayjon mustaqilligi e’lon qilinganining 107 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjonning mamlakatimizdagi elchixonasi va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi  Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, xorijiy davlatlarning mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakillari, xalqaro tashkilotlar rasmiylari, harbiy attashelar, davlat idoralari, jamoat va madaniyat muassasalari rahbarlari, olimlar,  san’at arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va Ozarbayjon diasporasi vakillari ishtirok etdi. 

Tantanali marosim avvalida Ozarbayjon va O‘zbekistonning davlat madhiyalari yangradi. 

Tadbirni Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Huseyn Guliyev kirish so‘zi bilan ochib, 1918 yil 28 may kuni Sharqda ilk demokratik respublika — Ozarbayjon Demokratik  Respublikasi  tashkil etilganini ta’kidladi. Ushbu davlat bor-yo‘g‘i 23 oy yashaganiga qaramasdan, qisqa vaqt ichida davlatchilik asoslari  yaratildi, shu jumladan, davlat bayrog‘i va fuqarolik ta’sis etilib, milliy armiya shakllantirildi, Boku bosqinchilardan ozod qilindi.

Elchi qayd etganidek, 1920 yilda mamlakatda sovet hokimiyati o‘rnatildi, 1991 yilda esa Ozarbayjon o‘z mustaqilligini tikladi. 1993 yilda  Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev hokimiyatga kelgandan so‘ng vaziyatni barqarorlashtirish, iqtisodiyotni tiklash va  mamlakatning xalqaro maydondagi  nufuzini mustahkamlashga erishildi. 

Diplomat o‘z nutqida Qorabog‘ mojarosiga ham alohida to‘xtalib, o‘sha davrda mamlakat hududining 20 foizi bosib olinganini qayd etdi. Biroq 2020 yilda 44 kun davom etgan Vatan urushi hamda 2023 yildagi aksilterror operatsiyalar davomida Ozarbayjon  Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev qo‘mondonligi ostida davlatning hududiy yaxlitligi tiklandi.

Tadbirda Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Huseyn Guliyev ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etib, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma imzolangani,  Oliy davlatlararo kengash tashkil etilgani, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra,  ikki mamlakat yetakchilari — Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barqaror rivojlanish va xalqlarning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanaq Mammadova ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirning madaniy qismiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. 

Tadbir yakunida banket tashkil etilib, mehmonlar uchun Ozarbayjon milliy taomlari tortildi. Yig‘ilganlarga ushbu mamlakatning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari, madaniy merosi, turistik salohiyati va tarixiy yodgorliklari haqidagi videorolik namoyish etildi. 

Mehmonlar tadbir qardoshlik, o‘zaro hurmat va yakdillik ruhida o‘tganini, bunday shodiyonalar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qilib, ikki tomonlama munosabatlar yuksak darajada ekanligini ko‘rsatishini ta’kidladi. Diplomatik korpus vakillari  O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik har ikki xalq  farovonligi yo‘lida  jadal rivojlanib borishiga ishonch bildirdi. 

                  Aziza Alimova, Doniyor Yoqubov, O‘zA